Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq ta’limi vaziri Toshkent viloyatidagi maktablar faoliyati bilan tanishdi
09:58 / 2022-05-12

Ma’lumki, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 5 aprel kuni o‘tkazilgan maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha yil boshida belgilangan topshiriqlar ijrosi, yil yakuniga qadar ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda xalq ta’limi sohasidagi ishlarning qoniqarsizligi keskin tanqid ostiga olingan.

Toshkent shahridagi 69 ta maktab, Surxondaryoda 169 ta va Qoraqalpog‘istonda 128 ta, Sirdaryoda 54 ta, Farg‘onada 162 ta, Toshkent viloyatidagi 147 ta maktablarda muhit qoniqarsiz deb topilgan. 

Zamonaviy maktab o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi munosabatlar uchun qulay platforma sanaladi. Ta’limning sifatini oshirish uchun esa avvalambor, bu sohadagi muammolarni o‘rganish lozim. 

Shunday ekan, ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, Prezident tomonidan ta’lim taraqqiyoti yo‘lida qo‘yilayotgan vazifalarni oqilona bajarish hamda ta’lim sifatini oshirish borasida Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda? 

Xalq ta’limi sohasidagi islohotlarning eng chekka hududlardagi maktablargacha yetib borishini ta’minlash, o‘qituvchilarning jamiyat rivoji va kelajak avlod oldidagi mas’uliyatini oshirish, maktablarda o‘quvchilarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov Toshkent viloyatidagi maktablar faoliyati bilan tanishdi. 

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, mutasaddilar tomonidan Yuqori Chirchiq tumanidagi 23-sonli maktabda pedagog xodimlar va o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Vazir o‘qituvchi va maktabning yuqori sinf o‘quvchilari bilan suhbatlashdi. Suhbat davomida  ularning kasbga tayyorlash ko‘nikmalari bilan tanishdi.  

Uchrashuv chog‘ida vazir o‘qituvchining salohiyati ular ta’lim berayotgan o‘quvchilarda yuzaga chiqishini, pedagog jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shuvchi eng muhim shaxs hisoblanib, shunga yarasha harakat qilishi zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, ota-onalar mas’uliyatini oshirish orqali o‘quvchilarning ta’limga, kasb-hunarga qiziqishini oshirish hamda oliy ta’limga qamrovini kengaytirish borasida ham ko‘rsatmalar berdi. Tashrif davomida maktab uchun kitoblar jamlanmasi hamda zaruriy texnikalarni taqdim qildi. 

O‘rganish jarayoni O‘rta Chirchiq tumani “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 124-sonli ixtisoslashtirilgan yordamchi maktab-internat hamda “Mash’al” MFYdagi 65-sonli umumta’lim maktablarida davom etdi. 

Mutasaddilar tumandagi 124-sonli ixtisoslashtirilgan yordamchi maktab internatida o‘quvchilarning sifatli ta’lim-tarbiya olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi va uchrashuvni  65-sonli umumta’lim maktabida davom ettirdi. Qayd etish lozimki, “Mash’al” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan, 784 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur ta’lim muassasasi 1989 yilda qurilgan bo‘lib, hozirda 727 nafar o‘quvchilarni o‘zida jamlagan. Bu yerda turli xil fanlardan jami 50 nafar o‘qituvchi yosh avlodga bilim berib kelmoqda.

Vazir 65-sonli umumta’lim maktabining bitiruvchi 11-sinf o‘quvchilari bilan muloqotda bo‘lib, ularning bilimga bo‘lgan intilishlari, kelgusidagi sohani tanlash rejalari bilan qiziqdi. 

Kim qaysi kasb egasi bo‘lishni istashi, nima uchun aynan mana shu yo‘nalishni tanlamoqchi ekani to‘g‘risida suhbat o‘tkazib, hozirgi globallashuv va keskin rivojlanish davrida zamon talabi ortib borayotgan sohalar yuzasidan fikrlar bildirdi. Vazir o‘quvchilarning yanada ko‘proq kitob mutolaa qilishlari, kitob o‘qish orqali har qanday yuksak marralarga erishish mumkinligini bildirib, ularga jahon adabiyoti durdonalaridan bo‘lgan turli xildagi badiiy va adabiy asarlar to‘plamlarini tuhfa qildi. 

Shuningdek, mutasaddilar tomonidan hududlardagi maktablarning ta’mirtalablik holati, moddiy-texnik vositalarning yetarlilik darajasi  o‘rganildi. O‘rganishlar jarayonida maktablarga dars jarayonlarini yanada qulaylashtirish va o‘quvchilarga tushunarlilik darajasini oshirish maqsadida televizorlar taqdim etildi. Toshkent viloyati Xalq ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Azamat Kamolovga belgilangan muddatlar ichida vazirlik qoshidagi ta’lim ta’minoti bo‘limi dasturiga kiritilgan tumandagi 20 ta maktab uchun 300 ta kompyuter jihozlarini yetkazib berish vazifasi yuklatildi. 

Vazirlik mutasaddilari Ohangaron shahridagi 3-sonli, Angren  tumanidagi 7- va 25-sonli maktab hamda O‘rta Chirchiq tumanidagi 124-sonli alohida ta’lim ehtiyojlari mavjud maktablarda bo‘lib, pedagoglar va yuqori sinf o‘quvchilari bilan suhbatlashdi. Ohangaron shahridagi 3-sonli maktabda 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Vazir darsi” tashkil etilib, o‘quvchilar o‘rtasida  matematika, kimyo, fizika kabi fanlardan savol-javob o‘tkazildi. Maktabning 2 nafar iqtidorli o‘quvchisiga noutbuk berildi. Bu kabi muloqotlar boshqa maktablarda xam tashkil etildi. 65- hamda 3-sonli maktablarga televizor, 7- va 25-sonli maktablarga elektron doska taqdim etildi. 

Maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va o‘quvchilarga sharoitlarni yanada yaxshilash maqsadida kelgusi 2023-2026 yillarda Investitsiya dasturlariga kiritish belgilandi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA