Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov 3 dekabr — Butunjahon nogironlar kuni munosabati bilan Urganch shahridagi 32-sonli zaif eshituvchi hamda 96-sonli kar (eshitmaydigan) bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus maktab-internatlariga bordi.
Bu yerda o‘qituvchi hamda o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Sinf xonalari, to‘garak xonasi, yotoqxona, oshxona va faollar zalida bo‘lib, binodagi qulayliklarni, o‘quvchilar tomonidan yaratilgan qo‘l ishlari, tikuvchilik, to‘quvchilik, duradgorlik ishlari namunalarini ko‘zdan kechirdi.

Vazir o‘qituvchi va pedagoglar jamoasi bilan suhbatlashib, ta’lim sifatini yaxshilash, maktab bitiruvchilarini kelgusi hayotda o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashish borasidagi fikrlarini tingladi hamda ushbu yo‘nalishda o‘z tavsiyalarini berdi. Suhbat yakunida tegishli mas’ullarga maxsus maktab o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish, kasbga yo‘naltirish xonalarini jihozlash, maxsus darslik va videokontent tayyorlash topshiriqlari berildi.
Bundan tashqari o‘quvchilarning ta’lim va tarbiya sharoitlarini yanada yaxshilash uchun 5 yillik Milliy dastur loyihasiga alohida band va topshiriqlar kiritish, unda moddiy-texnik bazani mustahkamlash, pedagoglarni malakasini oshirish hamda metodikani takomillashtirish taklif etildi.

Vazir tomonidan mazkur maktab-internatlarining har biriga televizor va kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.
Laylo Rustamova,
Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi
O‘zA