Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafayeva Peshku tumanida sayyor qabul o‘tkazdi.
Qabulda fuqarolar tomonidan maktabga qo‘shimcha bino qurib berish, qo‘shimcha sinf xonalari tashkil etish, isitish tizimlarini ta’mirlash, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash kabi masalalarga qaratilgan o‘nga yaqin murojaatlar kelib tushdi.
Boshqarma boshlig‘i tomonidan har bir murojaatga jiddiy e’tibor qaratilib, fuqarolarning qonuniy haq-huquqlarini muhofaza qilish, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, adolatni qaror toptirishga alohida e’tibor qaratildi.
– Ayni paytda 35-umumta’lim maktabida o‘quvchilar sonining ko‘pligi sabab qo‘shimcha binoga ehtiyoj tug‘ilyapti, – deydi fuqaro Farmon Jamolov. – Sayyor qabul jarayonida ayni shu masalada murojaat qildim. Murojaatim xalq ta’limi boshqarmasi mas’ullari tomonidan batafsil o‘rganilib, tez kunda ijobiy hal etilishi aytildi.
Fuqaro Bobomurod Sharofov esa tumandagi 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabining bitta sinf xonasi va o‘qituvchilari xonasini zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanishini so‘rab, murojaat qildi. Mazkur masala ham xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.
Qabul jarayonida fuqarolardan tushgan har bir murojaatga nisbatan tegishli mutasaddilar ishtirokida tavsiya va takliflar ishlab chiqildi. Muddat talab qiladigan masalalar bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Ijrosi nazoratga olindi.
Zarif Komilov, O‘zA