O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda “9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni”ga bag‘ishlangan Antikorrupsion haftalik doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.
Tadbir Xalq ta’limi vazirligi faoliyatining jamoatchilik va fuqarolar oldida ochiqligini ta’minlash hamda jurnalist, blogerlar shuningdek, fuqarolarni korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga oid savollariga javob berish maqsadida tashkil etildi.
Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov xalq ta’limi tizimida korrupsiyaga oid qonunbuzarlik holatlarini oldini olish va bartaraf etish yo‘nalishida vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan tashkiliy va amaliy ishlar haqida so‘z yuritdi.
Vazirlik faoliyatida moliyaviy xato va kamchiliklarni oldini olish bo‘yicha bir qancha loyihalar, platformalar amalga oshirilmoqda. Joriy yil 11 oyi davomida jami 368,6 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarning oldi olinishiga va bartaraf etilishiga erishilgan. Shunga qaramasdan, yil boshidan hozirgi kunga qadar vazirlik tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida jami 88 milliard so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar, shundan 27,5 milliard so‘mlik o‘g‘irlik va kamomad aniqlangan.
[gallery-4896]
Tadbir davomida tizimdagi eng ko‘p talon-tarojlik, byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari aniqlangan hududlar haqida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, Andijon viloyatining Andijon shahrida 11,5 milliard so‘m, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 11 milliard so‘m hamda ushbu viloyatning Guliston shahrida 4 milliard so‘m miqdorda byudjet mablag‘lari o‘zlashtirib yuborilgan.
Tarkibida jinoyat alomatlari bo‘lgan 159 ta 72,9 milliard so‘mlik o‘rganish materiallari huquqiy baho berish va qonuniy choralar ko‘rish maqsadida huquq-tartibot organlariga taqdim etildi.
Tadbirda vazirlikning Nazorat-huquqiy xizmati tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ham batafsil ma’lumot berildi.
– Xususan, hozirga qadar sohada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar yuzasidan 243 nafar rahbar xodimlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan, 3 ming 415 nafariga nisbatan intizomiy jazo choralari ko‘rilgan, 151 ta holat bo‘yicha to‘plangan materiallar huquq-tartibot idoralariga yuborilgan, – dedi Xalq ta’limi vazirligining Nazorat-huquqiy xizmati boshlig‘i Iskandar To‘rayev.
– O‘tgan davr davomida vazirlik tomonidan 264 ming 41 nafar xodim huquqlari himoya qilinib, 963 nafarining huquqi tiklangan bo‘lsa, 188 ta holatda boshqa davlat organlari tomonidan faoliyatga noqonuniy aralashuv va tekshiruvlarning oldi olingan.
Shuningdek, vazirlik tomonidan amalga oshirilgan tahlillar natijasida Xalq ta’limi tizimidagi faoliyat jarayonlarini ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan yangi platforma taqdimoti namoyish etildi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA