Farg‘onada “Xalq ta’limi boshqarmasi va uning quyi tizimlarida korrupsiyaviy holatlarning yuzaga kelish sabablari va unga imkon yaratib berilayotgan shart-sharoitlar” mavzusida namunaviy eshituv o‘tkazildi.
Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtasheva ishtirok etdi. Ochiq muloqot shaklida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyatda xalq ta’limi tizimidagi qonun buzilish holatlarining kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishning mustahkam huquqiy bazasi va aniq tizimi shakllandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda viloyat hokimligi hamkorligida Respublikada ilk bor Farg‘ona viloyatida “Ochiq, shaffof va hisobdor hudud” loyihasi amalga oshirilmoqda. Afsuski, ba’zi bir sohalarda bu borada olib borilayotgan ishlar talab darajasida emas. Xususan, xalq ta’limi tizimida korrupsion holatlarning uchrayotgani tashvishlanarlidir. Birgina o‘tgan yilda viloyatda 33 nafar shaxsga nisbatan 26 ta jinoyat ishi sudga yuborilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida esa xalq ta’limi sohasidagi 24 nafar shaxslarga nisbatan tergov harakatlari olib borildi. Ishga olish, o‘quvchilarni maktabga qabul qilishda tamagirlik holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Shu bois ham tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaga murosasiz bo‘lish muhim vazifa sanaladi.
Mazkur yig‘ilishda bu alohida ta’kidlab o‘tildi. Kun tartibidan o‘rin olgan masalalar bo‘yicha mas’ullarning axborotlari eshitildi. Yig‘ilishda hududiy kengash tomonidan tizimda korrupsiyaga sabab va shart-sharoitlar yaratilish holatlarini aniqlash maqsadida viloyatdagi maktablarda o‘rganishlar olib borilgani, o‘qituvchilar, ota-onalar va o‘quvchilar bilan suhbatlar o‘tkazilib, so‘rovnomalar tashkil etilgani qayd etildi. O‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ham bildirildi. Eshituv so‘nggida muhokama etilgan masalalar yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqilib, viloyatda aksilkorrupsiya siyosatiga oid islohotlarning hayotga tadbiq etish yuzasidan muhim vazifalar belgilab olindi.
N. Bozorova, O‘zA