Bu nima degani? Unda qanday ma’lumotlar jamlangan bo‘ladi?
Kuni kecha, ya’ni joriy 25 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta’limi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab- quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2021 yil 1 martdan boshlab tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan xodimlarning malaka oshirish bo‘yicha ehtiyojlari o‘rganiladi va “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasi orqali ularning individual kasbiy rivojlanish trayektoriyasi tuziladi.
Har bir xalq ta’limi xodimining elektron portfoliosi shakllantiriladi va unga xodimning individual trayektoriyasi, kasbiy rivojlanish natijalari, o‘zlashtirgan o‘quv dasturlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi.
Mutaxassislarning malaka darajasi, bilimi, ilmiy-pedagogik salohiyati, ish tajribasi, psixologik tayyorgarligi va individual kasbiy rivojlanish trayektoriyasiga mos keladigan tabaqalashgan malaka oshirish dasturlari bo‘yicha o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
An’anaviy malaka oshirish bilan bir qatorda kasbiy o‘qitishning uyg‘unlashgan, ish jarayoni bilan birgalikda olib boriladigan, masofaviy va boshqa turlari joriy etiladi.