Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan joriy yilning 10 dekabridan 2021 yilning 10 yanvariga qadar “Sayyor qabul oyligi” e’lon qilindi.
Tizimda olib borilayotgan islohotlarga joylardagi keng jamoatchilikning munosabatini o‘rganish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini joyida hal qilishga qaratilgan sayyor qabulning birinchisi Namangan viloyatida tashkil etildi.
1-sonli umumta’lim maktabi binosida bo‘lib o‘tgan ilk sayyor qabulda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Sohibjon Ergashev, Namangan shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri Ziyoviddin Jamolov hamda tegishli muassasalar mas’ullari ishtirok etdi.

Ota-onalar, pedagog-xodimlar va keng jamoatchilik vakillari qabulda soha mutasaddilariga farzandini maktabga ko‘chirish, maktab oshxonasini ijara asosida faoliyatini davom ettirish, ish bilan ta’minlash va bandlik masalalari, maktabda sport sinfini tashkil qilish bilan bog‘liq 20 dan ziyod masalada murojaat qildi. Qayd etish joiz, 7 ta murojaat shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. 14 murojaat yuzasidan tushuntirish berildi.
– Hozirda bolalarim Namangan tumanidagi G‘alcha qishlog‘i hududidagi 30-umumta’lim maktabida ta’lim oladi. Lekin meni yashash manzilim o‘zgarganligi sababli farzandlarim o‘z yonimda o‘qishlarini o‘ylab, yordam so‘rab keldim, – deydi fuqaro Dilafruz Abdug‘aniyeva. – Murojaatim ijobiy hal etilib, dilbandlarim Davlatobod tumani hududidagi 49-maktabga ko‘chirildi. Sayyor qabulga kelganimdan bag‘oyat xursand bo‘ldim. Mutasaddi tashkilotchilarga katta rahmat.

Sayyor qabul davomida hal etilishi qo‘shimcha o‘rganishni va ma’lum muddatni talab etadigan murojaatlar alohida ajratib olinib, tegishli tartibda yechim izlash uchun nazoratga olindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA