Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
00:08 / 2018-09-06

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Xalq taʼlimi tizimini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish oʻsib kelayotgan yosh avlodni maʼnaviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarishning eng muhim sharti hisoblanadi, shuningdek, oʻquv-tarbiya jarayonida taʼlimning innovatsion shakllari va usullarini qoʻllashga koʻmaklashadi.

Shu bilan birga, ushbu sohadagi ishlar holatini tanqidiy tahlil qilish xalq taʼlimi tizimi boshqaruvini tashkil etish, davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining (keyingi oʻrinlarda umumtaʼlim muassasalari deb yuritiladi) faoliyatini amaliy jihatdan muvofiqlashtirish, ularning moddiy-texnik holatini yaxshilash boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirishda bir qator muammolar va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi. Jumladan:

birinchidan, joylarda umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, umumtaʼlim muassasalari rahbarlarini tanlash va joy-joyiga qoʻyish masalalarini hal etish, idoraviy mansub tashkilotlarning mulkidan samarali foydalanishda xalq taʼlimi boshqaruv organlari rolining yetarli darajada emasligi;

ikkinchidan, umumtaʼlim muassasalari rahbarlari zimmasiga ularga xos boʻlmagan vazifalar va funksiyalarni yuklash, muassasa direktori va uning oʻrinbosarlari oʻrtasida vakolatlarning aniq taqsimlanmaganligi, ular faoliyati samaradorligini baholashning aniq mezonlari va parametrlari mavjud emasligi;

uchinchidan, umumiy oʻrta taʼlimning dolzarb masalalari va ularning natijalarini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha chuqur ilmiy tadqiqotlarning mavjud emasligi, oʻquv-tarbiya jarayonini uslubiy taʼminlashmasalalarida xalq taʼlimi boʻlimlari va umumtaʼlim muassasalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik darajasining pastligi;

toʻrtinchidan, rahbarlar, oʻqituvchilar va umumtaʼlim muassasalari boshqa xodimlarining kasbiy faoliyatiga asossiz ravishda aralashuvdan himoya qilish mexanizmlarining samarasizligi, nazorat qiluvchi va boshqa davlat organlari tomonidan maktablarni tekshirish haddan ziyod koʻpayib ketganligi;

beshinchidan, taʼlim sifatini taʼminlash, oʻqituvchilarning bilim darajasini va pedagogik mahoratini oshirish masalalarida umumtaʼlim muassasalari faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflik darajasining yetarli darajada emasligi, oʻquv-tarbiya jarayoni ustidan samarali jamoatchilik nazoratining mavjud emasligi;

oltinchidan, xalq taʼlimi tizimi muassasalarini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash mexanizmining mukammal emasligi, ularning faoliyatiga zamonaviy meʼmoriy yechimlar, innovatsion ishlanmalarni va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish darajasining pastligi.

Oʻquv-tarbiya jarayoniga boshqaruvning yangi mexanizmlarini va sifat standartlarini joriy etish, jamiyatda oʻqituvchi kasbining nufuzini oshirish, umumtaʼlim muassasalarining moddiy-texnik holatini yaxshilash orqali xalq taʼlimi tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. Quyidagilar xalq taʼlimi tizimini isloh qilishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlimni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish, har tomonlama kamol topgan avlodni tarbiyalash, oʻquvchilarning maʼnaviy-axloqiy va intellektual rivojlanishini taʼminlash;

ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) muvofiqlashtiruvchi roli va masʼuliyatini kuchaytirish, shuningdek, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mazkur yoʻnalishdagi vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini aniq belgilash va tartibga solish;

rahbar va pedagog xodimlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilgʻor va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tatbiq etish yoʻli bilan xalq taʼlimi tizimida kadrlar siyosatini shakllantirishning zamonaviy tamoyillarini joriy etish;

xalq taʼlimi muassasalarini boshqarish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shaffof va samarali jamoatchilik nazoratiga erishish, shu jumladan, barcha muassasalarning telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini taʼminlash, barcha foydalanishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar manbasini yaratish, ularning faoliyatini baholashning elektron reyting tizimini joriy etish;

xalq taʼlimi muassasalari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni va ijtimoiy muhofaza qilishni yaxshilash, ularning samarali ishlashi uchun munosib sharoitlarni yaratish;

zarur tashkiliy-huquqiy va texnik-iqtisodiy sharoitlarni yaratish yoʻli bilan umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim sohasida nodavlat xizmatlarni koʻrsatishga oid faoliyat bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar (keyingi oʻrinlarda – nodavlat umumtaʼlim tashkilotlari) tarmogʻini yanada rivojlantirish, ushbu sohaga davlat-xususiy sheriklikning turli shakllarini samarali joriy etish;

xalq taʼlimi tizimiga ilgʻor xorijiy tajribani, oʻquv-tarbiya jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni, shu jumladan, taʼlim berishning innovatsion usullarini joriy etish, oʻquv va oʻquv-uslubiy adabiyotlarning yangi avlodini yaratish, fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

umumiy oʻrta taʼlim davlat taʼlim standartlari va maktabdan tashqari taʼlimga qoʻyiladigan davlat talablari umumiy oʻrta taʼlimni moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobga olingan holda Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri tomonidan tasdiqlanadi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi rahbarlari, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari, shuningdek, Vazirlikka idoraviy mansub boshqa tashkilotlar va muassasalar boshliqlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishilmasdan Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri tomonidan amalga oshiriladi;

muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan maktablar negizida tarmoqli maktablarni tashkil etish, ushbu tarmoqqa yuklamasi past koeffitsiyentli maktablarni kiritish haqidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri tomonidan qabul qilinadi;

2019 yil 1 yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan (keyingi oʻrinlarda – Davlat inspeksiyasi) tumanlar va shaharlar kesimida tanlash asosida umumtaʼlim muassasalari faoliyati samaradorligi boʻyicha reytingi (keyingi oʻrinlarda – reyting) tuziladi;

reyting yakunlari ommaviy axborot vositalarida va Davlat inspeksiyasining veb-saytida keyingi oʻquv yili boshlanishidan kechiktirmay joylashtiriladi;

2019 yil 1 yanvardan boshlab umumtaʼlim muassasalari xodimlari boʻlgan pensionerlarga, ularning ushbu muassasalardagi faoliyati asosiy ish joyi hisoblangan taqdirda, pensiya toʻliq miqdorda toʻlanadi;

2019 yil 1 martdan boshlab davlat umumtaʼlim muassasalariga bolalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish tartibi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tumanlar va shaharlar kesimida bolalarni umumiy oʻrta taʼlim maktablariga qabul qilish Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari roʻyxatini shakllantirsin.

3. Belgilab qoʻyilsinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari xalq taʼlimi muassasalarini qoʻllab-quvvatlash va ularning infratuzilmasini rivojlantirish masalasida har tomonlama koʻmaklashish, xususan:

tegishli hududda umumtaʼlim muassasalariga yordam koʻrsatishni tashkil etish va muvofiqlashtirish, shu jumladan, oʻqituvchilar va ushbu soha xodimlarining maqomini yaxshilashga va oshirishga yordam berish;

xalq taʼlimi muassasalariga koʻmaklashish masalalari boʻyicha vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning hududiy boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini belgilangan tartibda eshitish;

nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlariga berish uchun boʻsh yer uchastkalari (har bir hududda yiliga 50 lotdan kam boʻlmagan) roʻyxatini tasdiqlash va ulardan doimiy foydalanish huquqini “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida realizatsiya qilish;

xalq taʼlimi muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital va joriy taʼmirlash, ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani (trotuarlar, yoʻllar va boshqalar) zarur holatda saqlash boʻyicha buyurtmachi funksiyasini amalga oshirish;

xalq taʼlimi muassasalarini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, zarur sanitariya-gigiyena sharoitlari va boshqa kommunal xizmatlar bilan uzluksiz taʼminlash;

tumanlar (shaharlar) kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektor rahbarlari bilan birgalikda xalq taʼlimi muassasalarini oʻquv yiliga va kuz-qish mavsumiga oʻz vaqtida va samarali tayyorlash tadbirlarini amalga oshirish;

umumtaʼlim muassasalarining xavfsizligini taʼminlash, shu jumladan, hududlar atrofini oʻrash, huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha inspektorlarni biriktirish, videokuzatuv kameralari, yongʻinga qarshi signalizatsiya tizimlarini, kirish yoʻllarida qoidabuzarliklarni qayd etuvchi qurilmalarni oʻrnatish chora-tadbirlarini koʻrish;

xalq taʼlimi muassasalari hududining va koʻchmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda taʼminlash;

xalq taʼlimi muassasalaridagi mavjud muammolarni tez va samarali hal qilish boʻyicha boshqa choralar koʻrilishini tashkil etish uchun shaxsan javob beradi.

4. Vazirlikning:

2018 yil 1 oktyabrdan boshlab umumtaʼlim muassasalarining vasiylik kengashlarini tugatish;

tarkibiga muassasa faoliyatiga jiddiy hissa qoʻshishga qodir eng faol ota-onalar, bitiruvchilar, homiylar va boshqa shaxslar kiritiladigan, yuridik shaxs maqomisiz umumtaʼlim muassasalarining kuzatuv kengashlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Quyidagilar umumtaʼlim muassasasi kuzatuv kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:

Vazirlik tomonidan tavsiya etilgan nomzodlardan umumtaʼlim muassasasi rahbarini saylash, shuningdek, belgilangan tartibda uni egallab turgan lavozimidan ozod etish haqida takliflar kiritish;

umumtaʼlim muassasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash;

umumtaʼlim muassasasi rahbarining muassasa faoliyatini takomillashtirish, moliyaviy-xoʻjalik holati, daromadlar va xarajatlar, byudjet, byudjetdan tashqari, homiylik va boshqa mablagʻlardan foydalanish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida hisobotlarini vaqti-vaqti bilan tinglash;

umumtaʼlim muassasasi rahbarining taqdimnomasi boʻyicha yillik moliyaviy rejalarni, koʻrsatilayotgan pullik xizmatlar narxining miqdorlarini va muassasa mulkidan foydalanganlik uchun ijara haqi miqdorini, shu jumladan, auksiondagi boshlangʻich narxni koʻrib chiqish

va tasdiqlash;

oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar ustidan tizimli ravishda monitoring oʻrnatish;

oʻquvchilar va ular ota-onalarining murojaatlarini koʻrib chiqish, umumtaʼlim muassasasining pedagog va rahbar xodimlari faoliyati toʻgʻrisida ijtimoiy soʻrovlarni oʻtkazish;

taʼlim muassasasining faoliyatini tashkil etishga taalluqli boshqa masalalarni hal qilishda ishtirok etish.

Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda bir oy muddatda Umumtaʼlim muassasasining kuzatuv kengashi toʻgʻrisidagi nizomni va uning namunaviy tarkibini tasdiqlasin.

5. Davlat inspeksiyasi Vazirlik bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda:

tegishli fanni oʻqitish boʻyicha bilim va koʻnikma darajasini – pedagoglar malakasini aniqlashning asosiy mezoni sifatida belgilab, umumtaʼlim muassasalarining pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibini qayta koʻrib chiqsin;

pedagogik mahorat va bilim darajasini doimiy oshirib borishga koʻmaklashuvchi ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda, xalq taʼlimi tizimi xodimlarining bilim darajasiga oid malaka toifalari va talablarini takomillashtirish boʻyicha aniq takliflar kiritsin;

umumtaʼlim muassasalari reytingini tuzish maqsadida ularning faoliyati samaradorligini baholash mezonlari tasdiqlansin;

oʻquvchilarning bilim darajasini baholash boʻyicha xalqaro dasturlar va tadqiqotlarda (PISA, TIMSS, PIRLS va boshqalar) umumtaʼlim muassasalari oʻquvchilarining ishtirokini tashkil etsin.

6. Vazirlik, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2018 yil 1 oktyabrdan boshlab quyidagi tartibni joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin:

xalq taʼlimi muassasalarining koʻchmas mulkini ijaraga berishdan tushgan mablagʻning 1 foizi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari huzuridagi davlat mulki ijara markazlariga, qolgan qismi esa elektron savdo maydonchasi operatoriga toʻlangan toʻlov chegirilgandan keyin – xalq taʼlimi muassasalarini rivojlantirishning byudjetdan tashqari jamgʻarmalariga yoʻnaltiriladi;

umumtaʼlim muassasasi rahbariga xalq taʼlimi muassasalarini rivojlantirish byudjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlarini erkin tasarruf etish, shu jumladan, jamgʻarma daromadlarining jami summasidan 10 foizini oʻz moddiy ragʻbatlantirishi uchun yoʻnaltirish huquqini taqdim qilgan holda xalq taʼlimi muassasalari uchun jamgʻarma mablagʻlaridan ustuvor ravishda ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun foydalanish toʻgʻrisidagi talab bekor qilinadi.

Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda ikki oy muddatda xalq taʼlimi muassasalarini rivojlantirishning byudjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

7. Davlat inspeksiyasi Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda umumtaʼlim muassasalari faoliyatini tekshirishga vakolatli organlarning qatʼiy roʻyxatini, tekshiruv tayinlash va oʻtkazish mezonlari hamda huquqiy asoslarini nazarda tutgan holda tekshirish tartibini belgilaydigan hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda umumtaʼlim muassasalari faoliyatini nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirish davriyligi ularning reytingda egallab turgan oʻrniga bogʻliq boʻlishi belgilansin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq qatʼiy javobgarlik choralarini qoʻllagan holda umumtaʼlim muassasalari faoliyatini noqonuniy tekshirishga yoʻl qoʻymaslik ustidan nazoratni kuchaytirsin.

Nazorat qiluvchi organlar mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda umumtaʼlim muassasalari faoliyatini tekshirish davomida aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik ishlarida har tomonlama koʻmaklashsin.

9. Vazirlik:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 fevralga qadar muddatda Oʻzbekiston Respublikasida 2030 yilga qadar umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlimni tizimli, mintaqaviy va maqsadli rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini, shuningdek, uni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasini” oʻz ichiga olgan Xalq taʼlimi tizimini rivojlantirishning uzoq muddatli konsepsiyasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

b) Qurilish vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda yetakchi loyiha institutlarini jalb qilgan holda, umumtaʼlim muassasalarini qurishning xalqaro tajribasini oʻrgansin va 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy maktab” Davlat dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini kiritsin:

ekologik jihatdan toza materiallar va energiyaning muqobil manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqilgan namunaviy loyihalar asosida zamonaviy maktablar qurish;

maktablarni, shu jumladan, oʻquv sinflari ichini yangi qulay mebellar, zamonaviy oʻquv va laboratoriya uskunalari, darsliklar va oʻquv-uslubiy materiallar, kompyuter va multimedia texnikasi, videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash;

v) uch oy muddatda oʻquv rejalari va dasturlarini optimallashtirish, innovatsion, shu jumladan, masofaviy pedagogik usullardan keng foydalanish, ushbu jarayonning samaradorligini butunlay oshirishni nazarda tutgan holda umumtaʼlim muassasalarining rahbar va pedagogik xodimlari malakasini oshirish tartibi va tizimini tubdan qayta koʻrib chiqsin.

10. Davlat inspeksiyasi, Moliya vazirligi, Vazirlik va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 noyabrga qadar muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taʼlim sifatini taʼminlashda Davlat inspeksiyasining rolini kuchaytirish, uning tashkiliy-shtat tuzilmasini takomillashtirish, xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoyasini yaxshilash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin.

11. Vazirlik Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                 Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,
2018 yil 5 sentyabr