Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq taʼlimi vazirligi yakuniy davlat imtihonlarini oʻtkazish yoki bekor qilish masalasini koʻrib chiqmoqda
17:08 / 2020-04-19

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq taʼlimi vazirligi matbuot kotibi Anvar Umarov ishtirokida brifing oʻtkazildi.


Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq taʼlimi vazirligi matbuot kotibi Anvar Umarov ishtirokida brifing oʻtkazildi. Unda qator savollarga javob berildi. Jumladan, bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlari qanday oʻtkazilishi xususida ham toʻxtalib oʻtildi.

- Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va tegishli davlat tashkilotlari 5-11-sinf oʻquvchilari uchun bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlarini oʻtkazish yoʻllari yoki bekor qilish masalasini muhokama qilmoqda,- dedi Anvar Umarov. — Ishlab chiqilgan takliflar Maxsus hukumat komissiyasi muhokamasiga taqdim etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Maxsus hukumat komissiyasining bu masaladagi qarorini oʻz kanallari orqali maʼlum qiladi. Shu oʻrinda, oʻquvchilarga “Onlayn maktab” kanallarida namoyish etilayotgan televizion darslar orqali bilim olishni davom ettirishni tavsiya qilamiz.

Hozirda direktor oʻrinbosarlari ham masofadan ishlayapti, rayon va maktab topshiriqlarini, oʻqituvchilarni boshqarib kelmoqda. Ularni roziligisiz mehnat taʼtiliga chiqarish mumkinmi?

Ushbu savolga Xalq taʼlimi vazirligi matbuot kotibi Anvar Umarov shunday javob berdi:

- Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 15-martdagi yigʻilish bayoniga muvofiq Xalq taʼlimi vazirining 2020-yil 17-martdagi 82-sonli buyrugʻi bilan oʻquvchilar uchun qoʻshimcha eʼlon qilingan taʼtil davrida masofadan turib oʻquv jarayonini tashkil etish hamda taʼlim muassasalari va tashkilotlarning bino va inshootlarini samarali saqlash ishlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, yetim va ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiya jarayonini tashkil etish maqsadida oʻz faoliyatini ish joyida amalga oshiradigan rahbar va xodimlar roʻyxati tasdiqlangan (24-martdagi 87-sonli buyruq bilan ushbu roʻyxat tarkibiga oʻzgartirish kiritilgan).

Bunda umumtaʼlim maktablarining direktor yoki oʻrinbosarlaridan biridan tashqari xodimlariga, ularning xohishlariga koʻra mehnat qonunchiligida belgilangan tartibga muvofiq mehnat taʼtili berish tavsiya etilgan.

Shuningdek, joriy yilning 31-martidagi Xalq taʼlimi vazirining 91-sonli buyrugʻida maktab oʻqituvchilarining ish faoliyatini masofaviy tarzda davom ettirish, masofaviy taʼlim jarayonini tashkil etish uchun zarur boʻlgan xodimlarning mehnat faoliyatini masofaviy ish usuliga oʻtkazish orqali tashkil etish, navbatdan tashqari mehnat taʼtilida boʻlgan xodimlarning taʼtil muddatini yillik asosiy mehnat taʼtili hisobidan uzaytirish, qolgan xodimlarga zaruriyatga koʻra asosiy mehnat taʼtili hisobidan haq toʻlanadigan mehnat taʼtili berish belgilangan.

Bundan tashqari, hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, davlat byudjeti mablagʻlaridan yana-da samarali va maqsadli foydalanishni taʼminlash maqsadida qabul qilingan Xalq taʼlimi vazirining joriy yil 13-apreldagi 105-sonli buyrugʻiga asosan oʻqituvchi lavozimi bilan qoʻshib olib borayotgan direktor, uning oʻrinbosarlari va boshqalar, xalq taʼlimi boshqaruvi organlari xodimlariga ularning mehnat taʼtili davrida ushbu soatlar uchun haq toʻlanmaydi.

Shu bilan birga, ushbu buyruqda xodimlarni mehnat taʼtiliga chiqarish boʻyicha hech qanday topshiriq yoki koʻrsatmalar belgilanmagan.

Ushbu holat yuzasidan aniq (manzilli) maʼlumotlar taqdim etilsa, mazkur murojaat muallifiga holat boʻyicha batafsil axborot taqdim etiladi.

Oʻquvchilar uy vazifalarini qanday yuborishlari kerak? Kundalik elektron tizimi orqalimi yoki shaxsiy xabarlar yordamidami?

- Kundalik elektron tizimi Toshkent shahrida joriy etilmoqda. Toshkent shahrida tahsil oladigan oʻquvchilar Kundalik elektron tizimidan foydalanishlari lozim. Shu bilan birga, tizimda muammo boʻlsa yoki katta hajmdagi fayllar boʻlsa, boshqa tizim imkoniyatlaridan foydalansa boʻladi. Hududlarda esa Kundalik elektron tizimi joriy etilmagani tufayli ular boshqa tizimlardan foydalanishi kerak, dedi Anvar Umarov.