O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovning Adiblar xiyobonidagi haykali poyida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida «Qanotida kumush diyori» deb nomlangan adabiy kecha o‘tkazildi. Tadbir ulug‘ shoir haykali poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bilan boshlandi.
Shoir tavalludining 81 yilligiga bag‘ishlangan kechada O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Sirojiddin Rauf, Muhiddin Rahim, Nurilla Chori va boshqalar shoir hayot yo‘li, ijodi va boy ma’naviy merosi haqida to‘xtaldi. Shoir haqida iliq xotiralar yodga olindi. Institut rahbariyati hamda talabalar ishtirokidagi adabiy kechada yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan shoirning to‘plamlari chop etilayotgani, maktab kutubxonalariga tarqatilayotgani alohida e’tirof etildi.

– Institutimizda Abdulla Oripov ijodini keng o‘rganish, targ‘ib qilish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Rahim Jumaniyoz. – Abdulla Oripov xotira muzeyi va bog‘i tashkil etilgan. Tadqiqotchilar va Abdulla Oripov she’riyatining ixlosmandlari bemalol muassasamizga kelib ijod qilishi, ilmiy izlanishlar olib borishlari mumkin.
Muassasamizda bevosita Abdulla Oripov izdoshlari ham yetishib chiqyapti. Ijodkor talabalarning to‘plamlarini chiqarishni yo‘lga qo‘yganmiz.

Tadbir nazm va navo ko‘rinishida davom etdi. Hofiz Abduhakim Ahmedov shoir qalamiga mansub she’rlar asosida yaratilgan qo‘shiqlarni ijro etdi.
D.Mamatova, O‘zA