Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq roziligi — eng oliy baho
14:15 / 2026-02-21

Inson qadri, eng avvalo, fuqaroning qiyin kunlarida unga ko‘rsatilgan e’tiborda namoyon bo‘ladi.

Buxoro tumanida yosh, tashabbuskor tadbirkor Hafizbek Halimov tomonidan amalga oshirilgan ezgu tashabbus ham aholini uzoq yillar qiynab kelgan muammoni bartaraf etdi. 

Tadbirkor homiyligida Buxoro tuman tibbiyot birlashmasining tug‘uruq majmuasi yonida kutish zali qurildi. Ilgari shifoxona darvozalari oldida jazirama issiqda yoki qahraton sovuqda, yomg‘ir va qor ostida jigarbandlarining ahvolidan xabar kutib, soatlab sarson bo‘lgan fuqarolar uchun bugun mutlaqo yangi sharoit yaratildi.

Ushbu kutish zali — davlat va tadbirkorlik manfaatlari xalq farovonligi yo‘lida birlashganining yorqin namunasidir. Bu yerda gap faqat bino haqida emas, balki odamlarning ko‘ngliga yo‘l topish haqida bormoqda. Yosh tadbirkorning shifoxona hududidagi qarovsiz maydonni qisqa fursatda odamlar rozi bo‘ladigan go‘zal maskanga aylantirgani tahsinga loyiq.

 – Prezidentimizning tadbirkorlarga qarata aytgan “Xalqqa yelkadosh bo‘ling” degan da’vatlari meni ruhlantirdi, — deydi Hafizbek Halimov. – Shifoxona hovlisida ochiq osmon ostida bedor turgan ota-onalarni ko‘rib, bu yerda qishda issiq, yozda salqin muhit yaratishga ahd qildim. Biznes bu faqat foyda degani emas. Eng katta foyda xalqning duosini olishdir. 

Bugun tibbiyot tizimidagi islohotlar haqida gapirganimizda, ko‘pincha raqamlar va statistikaga tayanamiz. Ammo asl haqiqatni mana shu maskanlarga kelayotgan oddiy insonlar nigohida ko‘rish mumkin. Kutish zalida nevara kelinini shifoxonaga olib kelgan, 10 nafar nabiraning suyukli buvisi Matluba Qudratova o‘z quvonchini shunday izhor qildi:

 – Bolam, ochig‘ini aytsam, men bu kunlarni katta ne’mat deb bilaman. Ilgari shifoxona ostonasida kutish biz uchun mushkul ish edi. Qormi-yomg‘irmi, tashqarida titrab, panoh izlab devor tagida turib qolardik. Na issiq joy, na o‘tirishga tuzukroq o‘rindiq bo‘lardi. Bugun esa mana, nevara kelinimning yengil bo‘lishini kutib o‘tiribman. Shifoxona emas, xuddi o‘z uyimning bir burchagidek issiq va shinam. Ko‘nglim xotirjam. Ilgari bunday sharoitlarni faqat orzu qilardik. Davlatimiz rahbari tez-tez aytadigan “inson qadri” degan gaplarning asl mazmunini men mana shu yerda his qildim. Bizni ko‘chada qoldirmay, issiq joyga o‘tkazib qo‘yishgani — mana shu bizning qadrimiz. Bu yerdagi sharoit, bizga ko‘rsatilayotgan iliq munosabat – bu oddiy xalqqa bo‘lgan hurmatning belgisi. Buning uchun Prezidentimizga, viloyat hokimi va shifokorlarimizga katta rahmat, – deydi onaxon ko‘zlarida yosh bilan. 

So‘nggi yillarda mamlakatimiz tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tibbiyot muassasalari nafaqat davolash maskani, balki fuqarolarning ruhiy xotirjamligi ta’minlanadigan insonparvar tizimga aylanmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, biz uchun eng muhimi — odamlarimizning salomatligi, ularning tibbiy xizmatdan rozi bo‘lishi. Agar tibbiyot tizimi o‘zgarmasa, inson qadri tiklanmaydi. Buxoro tuman tibbiyot birlashmasi misolida bugungi kunda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida kechayotgan tub islohotlarning eng muhim jihati — tibbiyotni insonga yaqinlashtirish tamoyili yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Tug‘ruq kompleksi ostonasida barpo etilgan zamonaviy kutish zali jamiyatdagi yangilanishlarning amaldagi samarasidir. Bu tashabbus davlat va tadbirkorlik manfaatlari xalq farovonligi yo‘lida birlashsa, tadbirkor faqat o‘z manfaatini emas, balki xalqning dardini o‘z dardi deb bilsa, jamiyatda mutlaqo yangi muhit shakllanishini isbotladi. 

[gallery-27795]

Tadbirkor Hafizbek Halimov tomonidan yaratilgan bu qulaylik xalqimizga g‘amxo‘rlikning bir misolidir. “Inson qadri uchun” tamoyili shifoxona ostonasidan boshlanishi kerakligini ko‘rsatgan bu tajriba xalq va tadbirkor o‘rtasidagi mehr-oqibat ko‘prigini yanada mustahkamlamoqda. Zero, Prezidentimiz aytganlaridek, xalqimiz bizdan rozi bo‘lsa, ishimizda baraka bo‘ladi.

 Zarifjon Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA