Mamlakatimizda O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 111 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda qator vazirlik va idoralar hamkorligida shoira tavalludining 111 yilligi munosabati bilan poytaxtimizda bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Ana shunday adabiy anjuman Adiblar xiyobonida, Zulfiya haykali poyida o‘tkazildi. Marosimda turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, ijodkor ziyolilar, ta’lim muassasalari vakillari, yoshlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Tadbirda Zulfiya Isroilovaning adabiyot, millat ma’naviy taraqqiyotida tutgan o‘rni beqiyos ekani, uning ijodi orqali o‘zbek ayolining nafosati, sabr-matonati adabiyotda yuksak badiiy ifoda topgani e’tirof etildi.
Zulfiyaxonim timsolida o‘zbek ayolining ma’naviy qiyofasi, sadoqati va fidoyiligi mujassamligi, bugungi kunda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning jamiyatdagi nufuzini mustahkamlash davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifa ekani qayd etildi. Zulfiya ijodi yosh avlodni vatanparvarlik va ma’naviy barkamollik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

—Zulfiyaxonim — O‘zbekiston xalq shoirasi, taniqli jamoat arbobi sifatida nafaqat adabiyotimiz, balki jamiyatimiz ma’naviy hayotida ham o‘chmas iz qoldirgan ulug‘ siymo, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova. – Uning sermazmun ijodi, fidokorona jamoatchilik faoliyati ayniqsa xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini mustahkamlashda katta ahamiyat kasb etdi. Shoiraning asarlarida Vatanga muhabbat, insoniylik, vafo va sadoqat, tinchlik va ezgulik g‘oyalari teran ifoda etilgan. Uning she’rlari inson qalbini poklaydi, yuksalishga chorlaydi, ma’naviy kamolot sari yetaklaydi. Zulfiya ijodi — bu muhabbat va sadoqat darsxonasi, ma’naviyat maktabidir.
Tadbir doirasida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari mushoirasi bo‘lib o‘tdi. Unda talaba- qizlar tomonidan Zulfiyaxonim she’rlaridan namunalar o‘qidi.

Tadbirda ustoz shoira, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muhtarama Ulug‘ova Zulfiyaxonimning she’riyatidagi samimiyat va ruhiy teranlik xususida to‘xtalib, uning ijodi o‘zbek adabiyotida alohida maktab yaratganini ta’kidladi.
Shuningdek, “Saodat” jurnali bosh muharriri Munavvara Usmonova Zulfiyaxonimning ushbu jurnal faoliyatidagi tarixiy o‘rni, uning xotin-qizlar ma’rifati va ijtimoiy fikrni shakllantirishdagi xizmatlari haqida gapirdi. Zulfiya nainki shoira, balki ma’naviy tarbiyachi, millat ayollari uchun ibrat maktabi ekanini ta’kidlandi.
O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Sher esa o‘z chiqishida Zulfiyaxonim ijodidagi Vatanga muhabbat, vafo, sadoqat va insoniylik g‘oyalari adabiyotimizda o‘chmas iz qoldirgani, uning she’riyati xalq qalbiga yaqinligi bilan barhayot ekaniga to‘xtaldi.

Xalqimiz azaldan ayolni muqaddas zot sifatida e’zozlab, uning oila va jamiyat hayotidagi o‘rnini yuksak qadrlab kelgan. Ana shu yuksak hurmat va e’tiborning yorqin ifodasi sifatida 1999-yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etildi. Mazkur mukofot iqtidorli, tashabbuskor va yuksak ma’naviyatli qizlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni yangi yutuq va marralar sari ruhlantirishga qaratilgan davlat e’tirofining nufuzli namunasi.
Bugungi kunga qadar ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari hamda jamoatchilik faoliyati sohalarida yuqori natijalarga erishgan 480 nafar iqtidorli xotin-qizlar ushbu mukofot bilan taqdirlangan.
Madaniy-ma’rifiy uchrashuvda shoiraning boy ijodiy merosi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Uning she’rlari va dostonlaridan parchalar o‘qildi, mumtoz va zamonaviy kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan Zulfiya haykali poyiga gullar qo‘yildi.
Zulfiyaxonim xotirasiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov, Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri