Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq qabulxonasi: murojaat va yechim
11:44 / 2021-12-03

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyati Romitan tumanidagi Xalq qabulxonasiga joriy yilning o‘tgan davrida fuqarolardan jami 1 ming 638 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning 1 ming 378 tasi tuman Xalq qabulxonasi nazorati ostida ko‘rib chiqilgan. Ko‘rib chiqilgan masalalarning 1 ming 97 tasi ijobiy hal etilgan. 124 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan, qolgan 56 tasi o‘rganish jarayonida.

– Fuqarolarning murojaatlarini joyida ijobiy hal etish maqsadida Xalq qabulxonasi tomonidan sektorlar va tashkilotlar rahbarlarining joylarda shaxsiy va ommaviy sayyor qabullari tashkil etib kelinmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Romitan tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri G‘.Muyasarov. – O‘tkazilayotgan sayyor ommaviy qabullar jarayonida fuqarolardan jami 439 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ushbu murojaatlarning 334 tasi ya’ni 76,1 foizi joyida qanoatlantirilgan.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda qonun buzilish holatlarining oldini olish maqsadida tuman Xalq qabulxonasi rejasiga binoan joriy yil o‘tgan davri mobaynida tumandagi 21 ta tashkilotda murojaatlar bilan ishlash faoliyati o‘rganilgan.

– Shuningdek, sektorlar, davlat idoralari, tashkilotlarning aholi muammolari bilan ishlash holatlari bo‘yicha 10 marotaba monitoring o‘tkazildi, – deydi Xalq qabulxonasi mudiri G‘.Muyasarov. – O‘tkazilgan o‘rganish va monitoringlar jarayonlarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va o‘ziga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmagan mas’ul xodimlarga nisbatan tegishli intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash yuzasidan tuman Xalq qabulxonasi tomonidan kiritilgan 69 ta taklif va taqdimnoma asosida, tumandagi tashkilotlarning 39 nafar xodimiga nisbatan "hayfsan", 1 nafar xodimga nisbatan jarima jazosi, 1 nafar xodimni ishdan bo‘shatish choralari qo‘llanildi.

Zarif Komilov, O‘zA