Har yili qish faslining ilk haftasida yurtimizda keng nishonlanadigan Konstitutsiya kuni allaqachon xalqimiz qadriyatlaridan biriga aylangan ulug‘ bayramdir.
1992 yil 8 dekabr – davlatimizning oliy huquqiy qudratga ega Qonuni qabul qilingan kun – oddiy sana emas. Bu kun, aslida, istiqlolga erishgan Vatanimiz uchun yangi hayot boshlangani, mustaqillik yo‘lida muhim bosqich ekanini ifodalaydi.
Konstitutsiya – oddiy hujjat emas, u xalqimiz umidi, iymoni va sharafi ramzidir. Davlat rahbari aytganidek: “Konstitutsiya o‘zining mohiyati va falsafasiga ko‘ra yangi hujjatdir. Unda kommunistik mafkura va partiyaviylik izlari yo‘q. Jamiki dunyoviy ne’matlar orasida eng ulug‘i – inson degan fikr ilgari surilgan. Shuning uchun inson, davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarning oqilona yechimi topildi.”
Qonun matni ustida nafaqat olimlar va mutaxassislar, balki xalqimizning o‘zi ham faol qatnashdi. Dastlab fuqarolarning fikr va takliflari o‘rganilib, keyin Konstitutsiya loyihasi tayyorlandi va keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Muqaddima xalqimizning qasamyodi bilan boshlanishi bejiz emas:
“Biz, O‘zbekistonning yagona xalqi, inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqligimizni e’lon qilib, ko‘p millatli O‘zbekistonimiz farovonligini ta’minlashni maqsad qilgan holda, ushbu Konstitutsiyani qabul qilamiz va e’lon qilamiz.”
Konstitutsiya har qanday davlatning asosiy qonuni bo‘lib, jamiyat uchun ishlashi va uning talablarini qondirishi lozim. U mamlakatning siyosiy, ijtimoiy va huquqiy hayotining barcha asoslarini belgilaydi va boshqa qonunlar uning asosida shakllanadi. Shu bilan birga, Konstitutsiya qat’iy va o‘zgarmas hujjat emas; jamiyatning rivojlanishi va hayotiy zaruriyatlar asosida uning yangi tahrirdagi matni umumxalq referendumi orqali 2023 yil 1 mayda qabul qilindi.
Zamonaviy O‘zbekistonda xalqning konstitutsiyaviy islohotlarda faol ishtirok etishi demokratik mamlakat taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega. E’lon qilingan islohot boshlanishi bilan 220 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi. Eng muhimi, Konstitutsiya loyihasi aynan shu takliflar asosida shakllangan va Yangi Konstitutsiya tom ma’noda Xalq bosh qomusiga aylangan.
Birinchi bo‘lim – “Asosiy prinsiplar” davlat shakli, suverenitet va qonun ustuvorligini belgilaydi. Ikkinchi bo‘lim esa “Inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari”ga bag‘ishlangan bo‘lib, davlat va xalq o‘rtasidagi eng muqaddas bitimni ifodalaydi. Har bir yurtdoshimiz fikr, e’tiqod va so‘z erkinligiga ega. Hech kim qonunsiz ayblanishi yoki hibsga olinishi mumkin emas.
Konstitutsiya barcha fuqarolarga inson sifatida yashashni kafolatlaydi. Qayerdaligimiz, qaysi til, millat yoki din va e’tiqodda ekanligimizdan qat’iy nazar, qadr-qimmatimiz hurmat qilinadi. Shu bilan birga, Konstitutsiyada faqat huquqlar emas, balki fuqarolarning burchlari ham belgilangan bo‘lib, bu davlat va jamiyat o‘rtasidagi ahdlashuvni ta’minlaydi.
Bosh qomusimiz xalqimizning istiqbolga erishish orzularini amalga oshirdi. “Bizning qonunimiz – inson uchun, davlat – xalq uchun, adolat – barcha uchun bo‘lishi” degan qadriyat bugun Konstitutsiyaga aylandi.
Derazadan boqib, o‘tmish zahmatlarini emas, kelajakka umidni his etamiz. Yurtimizning qonun bilan kafolatlangan ertasi bor, farzandlarimiz erkin va teng huquqli, orzu va maqsadlar bilan ilgarilab bormoqda. Har birimiz Konstitutsiyaning timsoli bo‘lishimiz, qonun va adolatni hayotda amalda aks ettirishimiz lozim.
Qonun faqat sahifalarda qolmasligi, balki yuraklarda jonlanishi kerak. Konstitutsiya esa bizning birligimiz, ishonchimiz va kelajagimizdir. O‘zbekiston suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat bo‘lib, jamiyat har bir insonning erkinligi, izzati va sha’nini kafolatlaydi. Har birimizga yuklatilgan burch nafaqat qonunga rioya qilish, balki uni qadrlash va avaylashdir.
Xalqimizda “Kuch – adolatda” degan naql bor. Konstitutsiya qabul qilingan ulug‘ sanani nishonlar ekanmiz, yurtimiz istiqloli, istiqboli nurafshon, xalqimiz birligi va e’tiqodi adolat bilan mukammal bo‘lsin!
H.Dusmatov,
FarDU professori, filologiya fanlari doktori,
N.Ortiqova,
FarDU katta o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
O‘zA