Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Xalq muammosi qo‘rquvimdan ustun” yoxud tanqidiy suratlari bilan tanilgan “inkuzart” ijodiga nazar
12:39 / 2022-01-28

So‘ngi vaqtlarda yurtimizda strit-art – ko‘cha san’ati namunalari keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘ldi. Avtomobil bozoridagi monopoliya, benzin narxining oshishi tanqid qilingan ko‘cha suratlari shular jumlasidan. Xo‘sh, o‘z suratlarida jiddiy muammolarni aks ettiruvchi strit-artchilar kim va ularning kasb mashaqqatlari nimalardan iborat? Mazkur maqolada shu savvollarga javob topishga urindik.

Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish va sayyohlar oqimiga milliy madaniyatimizni ko‘rsatish maqsadida 2020 yildan strit-artga rasman ruxsat berilgan. Biroq tasvirlar faqat maxsus sayyohlik ob’ektlarida bo‘lishi kerakligi ma’lum qilindi.

Strit-artchilar san’atdan har kim bahramand bo‘lishi uchun kurashadi

Yurtimizda koronavirus pandemiyasi davridagi tibbiy niqoblar bilan himoyalanish va iqtisodiy inqiroz strit-artning ilk shov-shuvli ko‘rinishlari namoyon qildi. Chilonzor tumanida «Inkuzart» taxallusli o‘zbek rassomining ko‘cha suratlari paydo bo‘la boshladi. Mahalliy aholi uni allaqachon Benksi deb atashga ham ulgurdi. Ma’lumot o‘rnida, Benksi – britaniyalik rassom bo‘lib, dunyo bo‘ylab ijod qiladi.

Sirli niqob ortida kim?

«Inkuzart» taxallusi bilan tanilgan rassom Abdurahmon Umarov aslida quruvchi. Rassomning ilk graffitilari koronavirus pandemiyasiga bag‘ishlangan.

Farishta qanotli shifokor surati, tibbiy niqob, kislorod niqobini ushlab turib, bemorlarga yordam berishga shay turgan shifokor aks etgan «Ko‘z» nomli rasmlar shular jumlasidan. Ular orasida niqob taqqan Mono Liza ham tasvirlangan.

«Eksperiment qilmoqchi bo‘lganman. Bitta devorni ko‘rib qolib o‘sha yerga chizganman. Bir kundan keyin bo‘lsa kerak, internetda ko‘chada «Strit-art» paydo bo‘libdi deya tarqab ketdi», – deydi rassom o‘z intervyusida.

Devorga chizilgan jadidchilar

Rassom navbatdagi ijod namunasini Muqimiy va Chilonzor ko‘chalari chorrahasidagi bino devorlaridan biriga Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon va Abdurauf Fitrat portretlarini aks ettirgan. Uning eng mashhur ishlaridan biri ham shulardir. Abdulla Qodiriyning portreti yoniga «Ahvolimiz» nomli g‘azalini ham yozib qoldirgan.

Abdurahmon Umarov: "– Chilonzor tumanidagi dahalarni turli tasvirlar bilan boyitaman, u yerni galereyaga aylantirmoqchiman. Keyin esa boshqa tumanlar, shaharlar, mamlakatlar va qit’alarga o‘taman", – deya ma’lum qilgan.

“Xalq muammosi qo‘rquvimdan ustun”

«Inkuzart» avtomobil bozoridagi monopoliya haqida mashina uchun uzun navbatlarni aks ettirgan graffitisini chizdi. Surat AQSHning Chilonzordagi eski elchixonasi devorlaridan biriga chizilgan.

Unda navbat boshidagi qizil bosh kiyimli insonni «shapka» tizimiga ishora qilinganligini ko‘rish mumkin. Ushbu surat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Keyinchalik esa to‘liqligicha o‘chirib tashlandi.

«Strit-art bu – erkinlik. U har doim ham mukammal emas. Men faqat yerdagi jannatni chizgan bo‘lardim, lekin hokimiyatdagilarga tilyog‘lamalik qilishni bilmayman. Ko‘cha devoriga chizish noqonuniy, lekin xalq muammosi qo‘rquvimdan ham ustun».

Rasm o‘chirilgani bilan haqiqat yo‘qolib qolmaydi

Strit-art rassomi benzin narxining oshishiga ishora qilib, navbatdagi ijod namunasini chizdi. Suratni yoqilg‘i quyish shoxobchalaridan birining yonidagi devorda chizib qoldirdi. Unda do‘ppi kiygan oddiy o‘zbekistonliklarni benzin narxining oshishi «o‘ldirishi»ga urg‘u berilgan edi. Bu rasm ham bir necha soatdan keyin o‘chirib yuboriladi.

«Bo‘yab ketishlarining o‘zi achinarli, albatta, ammo adekvat munosabatda bo‘lishga harakat qilaman. Axir rasm bo‘yalgani bilan haqiqat yo‘qolib qolmaydi. Men qonunga amal qiladigan fuqaroman. Tanqidiy rasmlarim asosli va xayrixohlik ruhida chizilgan, chunki tanqidsiz rivojlanish bo‘lmaydi. Ular nafaqat tanqidga, balki motivatsiya va milliy g‘ururga ham qaratilgan. Meni har doim odamlar ilhomlantirgan».

Jamoatchilik fikri

Shuningdek, ko‘cha san’ati namunalariga bir qancha o‘zbek faollari ham munosabat bildirgan.

Masalan, taniqli bloger, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z telegram sahifasida bu borada quyidagicha post qoldiradi:

“Menimcha, barcha lug‘atlardan «muammo» so‘zini o‘chirish hamda aholi orasida muomaladan butunlay chiqarish to‘g‘risida qonun qabul qilish kerak. Shunda O‘zbekistonda o‘z-o‘zidan birorta muammo qolmas, barchasi o‘z yechimini topar edi. Toshkentda «O‘zbekneftgaz» yoqilg‘i quyish shoxobchasi yonida benzin narxi oshishiga ishora qiluvchi graffiti paydo bo‘ldi. «Inkuzart» taxallusi bilan faoliyat yuritadigan mahalliy graffiti rassomi Abdurahmon 19 noyabr kuni rasm chizish jarayoni aks etgan videoni e’lon qildi. Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda O‘zbekistonda benzin narxi Turkmaniston va Qozog‘istonga nisbatan 2 barobar qimmatroq bo‘lib qolayotgani jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lmoqda”.

Qolaversa, Mass-mediani .....Komil Allamjonov va bloger Shahnoza Soatovalar ham o‘z sahifalarida «Inkuzart» tasvirlagan suratlarga shaxsiy munosabatini bildirib o‘tgan.

«Inkuzart» ilk chizgan suratlari orqali ko‘zga tashlandi va suratlari yo‘qolib ketishini bilgan holda ijod qilmoqda. Hozircha xulosa qilishga shoshilmaymiz, chunki muammolarsiz jamiyat bo‘lmaydi. Rassom esa ularni o‘z qarashlari va yo‘nalishi bilan chizishda davom etaveradi.

Muxlisa A’ZAMOVA