French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Xalq molini yegan halqumidan ilinar” yoki bir fuqaroga bir vaqtning o‘zida ikkita pensiya to‘lash mumkinmi?!
11:41 / 2019-11-22

O‘rganishlarda aniqlanishicha, poytaxtdagi pensionerlardan ko‘ra, chekka va olis shahar va qishloqlardagi ayrim pensionerlarimiz uddaburonroq chiqib qoldi.


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 7 apreldagi 107-son Qarorining 34-bandiga muvofiq, nafaqa oluvchiga “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat pensiyasi turlaridan biri tayinlanganda nafaqa to‘lash to‘xtatilishi, pensiya esa nafaqa oxirgi marta to‘langan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab to‘lanishi belgilangan. 

Ammo, Pensiya jamg‘armasi amaliyotida foydalanib kelinayotgan “Pensiya” dasturiy majmuasidagi pensionerlar to‘g‘risidagi yagona elektron ma’lumotlar bazasi orqali respublikamizdagi barcha pensiya va nafaqa oluvchilarning ma’lumotlari o‘zaro solishtirib o‘rganilganda, shu yilning o‘zida 153 nafar fuqarolarga bir vaqtning o‘zida ikkita pensiya yoki nafaqalar tayinlanganlik ehtimoli borligi aniqlandi va mas’ul mutaxassislar tomonidan ikkita pensiya yoki nafaqa olishi shubha ostiga olingan pensiya va nafaqa ishlari ro‘yxati shakllantirilgan holda, masofadan turib kameral tartibda o‘rganishlar boshlandi.

O‘rganishlarda aniqlanishicha, poytaxtdagi pensionerlardan ko‘ra, chekka va olis shahar va qishloqlardagi ayrim pensionerlarimiz uddaburonroq chiqib qoldi. 

Misol uchun:

Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida yashovchi fuqaro Yu. J. umri davomida bor-yo‘g‘i 3 oygina ishlagan mehnati evaziga davlatimiz tomonidan keng muruvvat ko‘rsatilib, 2001 yilda yoshga doir (to‘liqsiz) pensiya tayinlangan. Lekin fuqaro Yu. J. 2019 yilda turmush o‘rtog‘ining vafoti munosabati bilan, ikkinchi marta boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlashni so‘rab murojaat qilgan va olib turgan
327 112, 50 so‘m yoshga doir pensiyasi ustiga ikkinchi marta 441 222,19 so‘m miqdorida boquvchisini yo‘qotganlik pensiya tayinlangan. 

Fuqaro Yu.J. esa, hech narsa ko‘rmaganday shu yilning o‘tgan davri mobaynida sal kam bir million so‘m davlat mablag‘larini ikki turdagi pensiya olish yo‘li bilan o‘zlashtirgan.

Xuddi shuningdek, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro N. M. 1994 yilda 3 yillik ish staji bilan amal-taqal qilib, zo‘rg‘a yoshga doir pensiyaga chiqqan edi. 

Turmush o‘rtog‘ining vafotidan foydalanib, 2019 yilda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlashni so‘rab, ikkinchi marta pensiyaga murojaat qilgan. Uning ilgari olib turgan 327 112,50 so‘m yoshga doir pensiyasi ustiga shu yildan boshlab boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi ham tayinlangan. Shu yilning o‘tgan davrida fuqaro N. M. tomonidan 1,3 mln. so‘m Jamg‘arma mablag‘lari o‘zlashtirib olingan.

Bu firibgarlik usuli vodiylik pensionerimizni ham chetlab o‘tmagan. Andijon viloyatining Andijon shahrida yashovchi fuqaro A. X.ning umuman ish staji yo‘qligi sababli, saxovatpesha davlatimiz tomonidan uning turmush o‘rtog‘ini vafoti munosabati bilan 2008 yilda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlangan edi. 

Oradan o‘n yilcha vaqt o‘tib, A. X.ning sog‘ligi tufayli 2018 yilda nogironlik guruhi belgilanganidan unumli foydalangan holda, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasidan voz kechmasdan va bu turdagi pensiyani olayotganligi haqida mutasaddi tashkilotlarni xabardor qilmasdan turib, ikkinchi marta nogironlik nafaqasi tayinlashni so‘rab murojaat qilgan.

Bir yildan ko‘proq muddat fuqaro A. X.ga bir vaqtning o‘zida ikki turdagi pensiya va nafaqa to‘lanishi natijasida jami 3,9 mln. so‘m miqdoridagi ortiqcha pensiya to‘lab kelingan.

Pensiya jamg‘armasining “Pensiya” dasturiy majmuasidagi pensionerlar to‘g‘risidagi yagona elektron ma’lumotlar bazasi bo‘yicha o‘tkazilayotgan o‘zaro solishtirishlar natijasiga ko‘ra, shubha ostiga olingan 153 nafar fuqarolarning bir vaqtning o‘zida ikkita pensiya yoki nafaqalar olayotganlik ehtimoli yuzasidan bugungi kungacha respublika bo‘yicha jami 55 holatda 108,7 mln. so‘m Jamg‘arma mablag‘lari pensionerlar tomonidan o‘zlashtirilganligi aniqlanib, xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan
25 nafar Jamg‘arma xodimlariga nisbatan amaldagi qonunchilik talablari bo‘yicha tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Hozirgi kunda, hududiy Jamg‘arma bo‘limlari tomonidan o‘zlashtirilgan pensiya to‘lovlari bo‘yicha oraliq ma’lumotlar hamda to‘plangan tekshirish materiallari qonuniy chora ko‘rish va huquqiy baho berish maqsadida huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim qilish uchun tayyorlanmoqda.

Bugungi kunda respublika bo‘yicha qariyb 98% dan ko‘proq pensiya va nafaqa oluvchi fuqarolarning biometrik pasport ma’lumotlari “Elektron hukumat” axborot dasturi bilan o‘zaro integratsiya qilingan bo‘lib, buning natijasida Pensiya jamg‘armasining “Pensiya” dasturida ikki turdagi pensiya va nafaqa olishga urinayotgan, hujjatlarda yoshini o‘zgartirib pensiyaga chiqishga urinayotgan va boshqa noqonuniy yo‘llar bilan Jamg‘arma mablag‘larini o‘zlashtirmoqchi bo‘layotgan nopok kimsalarning kirdikorlari fosh etilmoqda.

Amaldagi qonunchilikda, davlat pensiyalarining turli xillarini olish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga ularning o‘zlari tanlagan bitta pensiya tayinlanishi ko‘zda tutilgan. Shunday ekan, “Bir qo‘ltiqqa ikki tarvuz sig‘mas”, deganlaridek, o‘sha bir tarvuzni huzur halovatda yeganga nima yetsin.

“Xalq molini yegan halqumidan ilinar”, deb bekorga aytishmagan dono xalqimiz. Shunday ekan, yoshlikda qilingan aybu nuqsonlarni “yoshlik” qilibdi-da deb, “yoshlik”ka yo‘yish mumkin. Ammo, yoshi bir joyga borganda, keksaygan vaqtdagi yo‘l qo‘ygan xatolar uchun el-yurt oldida aytiladigan na bahona bor, na boshqasi...

Bu yoshi ulug‘ otaxonu onaxonlarga nima ham deyishni bilmaysan kishi?!

Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati