Keyingi yillarda milliy media soha ravnaqiga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor so‘z erkinligini tobora to‘liqroq ta’minlash, jamiyatdagi mavjud muammolarni baralla aytish va ularga o‘z vaqtida yechim topish imkonini bermoqda. Bu jihatlar shu kunlarda tashkil etilganining 30 yilligi keng nishonlanayotgan "Xalq so‘zi" va "Narodnoye slovo" gazetalari faoliyatida ham o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarining 30 yilligi munosabati bilan tahririyat faoliyatiga bag‘ishlangan “Hamisha xalq bilan hamnafas” fotoalbomi hamda “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari kutubxonasi” turkumida chop etilgan “Xalqning yuragiga yo‘l” nomli kitob taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari bosh muharriri O‘tkir Rahmatov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi Boshqaruv kengashi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja va boshqalar Prezidentimiz tashabbusi bilan jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralik muhitini shakllantirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Keyingi besh yillar davomida Prezidentimiz siyosiy irodasi tufayli boshlangan islohotlar “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari jamoasiga ham yangicha sharoitlarda, erkinlik muhitida ijod qilish imkonini yaratdi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan 1991 yilda chop etila boshlagan “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari, mana 30 yildan oshdiki, O‘zbekiston matbuotining flagmani bo‘lib qolmoqda.
Gazetalar o‘z faoliyati davomida asosiy missiyasi – xalqimizni mamlakatimiz hayotidan xabardor qilish bilan bir qatorda rivojlanish yo‘lidagi ulkan tarixiy bosqichlar, olijanob ishlar va yutuqlarning solnomachisi vazifasini ham bajarib kelmoqda. Yangilik va reportajlar, intervyu va sharhlar, ocherk va feletonlar – son sanoqsiz turli janrlardagi materiallar o‘tgan davr mobaynida o‘quvchilarning e’tirofi va yuksak bahosiga sazovor bo‘ldi. Auditoriya bilan ishonchli muloqot o‘rnatish orqali mazkur gazetalar uzoq vaqtdan beri nafaqat bugungi kunning manzarasini yaqqol ko‘rish, balki kelajakni yorqin tasavvur qilish imkonini ham taqdim etmoqda.
Oxirgi besh yilda “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi islohotlar jarayonini ko‘tarinki ruh bilan yoritib kelmoqda. Prezidentimizning farmon va qarorlari odamlar hayotini qanday o‘zgartirayotganini yozmoqda. Mamlakatni 2017-2021 yillarda rivojlantirish maqsadlarini belgilab bergan Harkatlar strategiyasining barcha yo‘nalishlardagi vazifalari xalqimizga, jamoatchilikka aniq, lo‘nda qilib yetkazish yo‘lida tinimsiz ish olib bormoqda.

Bugun esa jamoa Prezident tashabbusi bilan ishlab chiqilgan, keyingi besh yilga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasining maqsad va mohiyatini targ‘ib etishga mahkam bel bog‘lagan. Yurtimizda kechayotgan islohotlarni tahlil qilish va sharhlash uchun milliy xorijiy ekspertlar, siyosatchilar, turli tarmoqlarning mutaxassislari jalb etilmoqda.
Tahririyatning Butunjahon tarmog‘idagi ishtiroki kengayib borayotgani sababli o‘quvchilar bilan mulolqot yanada yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Tahririyat o‘zining ko‘p tilli veb-saytiga ega, «Facebook» va «Instagram»da, «Telegram» messenjerida, «YouTube» videoxostingida o‘z akkauntlarini rivojlantirib bormoqdaki, bu auditoriya qamrovini birinchi navbatda yoshlar hisobiga kengaytirish, ular bilan mustahkam aloqa o‘rnatish imkonini bermoqda.
Tahririyat o‘zining 30 yillik yubileyiga sezilarli yutuqlar bilan kirib keldi. Yubiley munosabati bilan “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarining bosib o‘tgan yo‘li aks etgan “Hamisha xalq bilan hamnafas” nomli fotoalbom nashr etildi. Bu albom o‘tgan yillar davomida tahririyatda faoliyat yuritgan hamda bugun ishlayotgan hamkasblarimizning fidokorona mehnatiga bo‘lgan yuksak ehtirom ramzidir. Unda nafaqat tahririyat faoliyati, balki mamlakatimizda yuz berayotgan olamshumul o‘zgarishlar ham o‘z ifodasini topgan. Zero, tahririyat faoliyati mamlakat taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liqdir.

Ma’lumki, Prezidentimizning siyosiy irodasi, ezgu tashabbuslari tufayli mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Xalqning yuragiga yo‘l, avvalo inson qadrini ulug‘lashdan boshlanadi. Yangi O‘bekiston yo‘li – bu xalqning yuragiga eltuvchi yo‘ldir. Shundan kelib chiqib, tahririyat yana bir ezgu ishga qo‘l urdi. “Xalq so‘zi va “Narodnoye slovo” gazetalari kutubxonasi” turkumidagi kitoblarning birinchi tomini tayyorlab chop etdi. “Xalqning yuragiga yo‘l” deb nomlangan ushbu to‘plamdan so‘nggi yillarda “Xalq so‘zi” gazetasi sahifalarida o‘z sohalarining eng yetuk fozillari muallifligida chop etilgan dolzarb mavzudagi maqolalar o‘rin olgan. To‘rtta yirik bobdan iborat ushbu kitobda ma’rifiy ahamiyatga ega suhbatlar ham o‘rin olganki, ulardan bahramand bo‘lib, ruhiy oziq olish mumkin. Ushbu to‘plam pedagoglar, tadqiqotchilar, ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchilari, rahbar xodimlar hamda keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan.
Tadbirda on-layn shaklida ham mamlakatimiz va xorijiy davlatlarining ekspertlari, olimlari, oliy o‘quv dargohlarining rektorlari “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarining mamlakatda kechayotgan yangilanish jarayonini aks ettirish, uning obro‘si va nufuzini yuksaltirish borasida qo‘shayotgan hissasi haqida batafsil so‘z yuritdilar.
Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri