Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq, millat yashar ekan Behbudiy ham barhayot
19:31 / 2025-11-28

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatrida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.

Shu munosabat bilan mazkur san’at maskaniga yozuvchi va shoirlar, olimlar, adabiyot muxlislari taklif etildi.  

Tantanali tadbirda dastlab "Mahmudxo‘ja Behbudiy: haq olinur, berilmas" nomli hujjatli film namoyish etildi.  

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid yangi O‘zbekiston taraqqiyotga yuz tutgan bugungi mas’uliyatli jarayonlarda Mahmudxo‘ja Behbudiy merosini o‘rganish masalasiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 27 dekabr kuni qabul qilgan “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ma’rifatparvar bobomiz ma’naviy merosini o‘rganishda yangi bosqichni boshlab berdi.  

-Mahmudxo‘ja Behbudiy – Turkiston xalqini hur va ozod ko‘rish istagida yashagan, shunday ezgu maqsad yo‘lida jonini fido qilgan,jasorat timsoliga aylangan o‘lmas siymo, - dedi Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Uyushma tomonidan uning asarlarini chop etish borasida tizimli ishlar olib borildi.  

[gallery-26476]

Mamlakatimizning barcha hududlarida jadidchilik harakatining yorqin namoyandasi hayot yo‘li, faoliyatiga bag‘ishlangan adabiy suhbatlar, anjumanlar o‘tkazildi.

Badiiy ko‘rgazmalar tashkil etildi. Teatr san’ati bo‘yicha dramaturglarning eng yaxshi asarlarini rag‘batlantirish maqsadida Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi mukofot ta’sis etildi.  

Bularning barchasi ulug‘ alloma, davlat va jamoat arbobi Behbudiy merosini kengroq o‘rganish imkonini beradi.

Tantanali adabiy tadbirda TURKSOY tashkiloti bosh kotibi Sulton Rayev, bir qator turkiy davlatlar adabiyotshunos olimlarining Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodiy merosiga doir fikrlari videoaloqa orqali ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.  

Shu bilan birga, anjumanda adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Nurboy Jabborov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori, professor, siyosatshunos olim Ergash Daminovning Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodiy merosi, otashin faoliyati haqidagi ma’ruzalari tinglandi.  

Yozuvchilar uyushmasi yosh ijodkorlari tomonidan  Mahmudxo‘ja Behbudiyning navqiron avlodga vasiyatlari o‘qildi. Ma’rifatparvar bobomiz faoliyatiga oid spektakldan ta’sirchan lavhalar namoyish etildi.  

Milliy mumtoz kuy-qo‘shiqlar, teatrlashtirilgan lavhalar kechaga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.  

-  Bobomizning tavallud tantanalari shunday keng miqyosda nishonlanayotgani uchun Prezidentimizdan g‘oyat minnatdormiz, - dedi allomaning evarasi Shohrux Behbudiy. – Behbudiy merosini o‘rganishda ko‘plab olimlar jonbozlik ko‘rsatishdi va bu boradagi  ezgu ishlar bugun ham davom  etmoqda. Zero, millat yashar ekan Mahmudxo‘ja Behbudiy ham barhayot.

Jadidchilik harakati yetakchisining 150 yillik tavalludi sanasiga bag‘ishlangan adabiy tadbirlar mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda.

Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA