Davlatobod tumanida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyati filiali tashabbusi bilan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyatini davlat fuqarolik xizmatchilariga yetkazishga qaratilgan o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Seminarda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyati filiali rahbari o‘rinbosari Otabek Rahimov 2023 yil 30 aprelda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan, joriy yilning 1 mayidan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda belgilangan konstitutsiyaviy normalarning ijrosini so‘zsiz ta’minlash barcha sohalarda inson qadrining tom ma’noda yuksalishiga, davlat va jamiyat hayotini “inson – jamiyat – davlat” degan tizimga asoslangan zamonaviy tarzda boshqarish imkoniyatini berishini ta’kidladi.


– Yangi tahrirdagi Bosh qomusimiz xalq Konstitutsiyasi bo‘ldi. Chunki u oddiy va hayotiy, isbot talab etmaydigan haqiqatni o‘zida aks ettiradi va shu bilan xalqimiz istagiga va xorijiy davlatlar tajribasiga to‘la mos keladi, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot kotibi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Saidolim Abdurahmonov. – Konstitutsiyamiz yangi O‘zbekistonning bugungi hayoti va ertangi taqdiri, sud-huquq islohotlari izchil amalga oshirilishi va inson huquqlari mustahkam kafolatlanishiga xizmat qiladi. O‘quv-seminar shu yilning 27 sentyabriga qadar davom etadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri