Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq ko‘nglidan mustahkam o‘rin olgan ijodkor
16:00 / 2022-11-17

Poytaxtimizdagi "Turkiston" saroyida O‘zbekiston xalq shoiri, atoqli jamoat arbobi Mahmud Toir tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan tantanali ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

"Yaxshilikka kelganman" deb nomlangan mazkur nazm va navo kechasida vazirlik, idoralar, ijodiy tashkilotlarining vakillari,  yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, she’riyat muxlislari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir ijodiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi,  O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev, O‘zbekiston xalq artistlari Erkin Komilov,  ustoz san’atkor Farrux Zokirov mamlakatimizda milliy adabiyot ravnaqi, yozuvchi va shoirlarga bo‘lgan doimiy e’tibor ijodkorlarni yanada mas’uliyat bilan mehnat  qilishga chorlayotganini ta’kidladi.

Xalqimiz Mahmud Toirni zahmatkash, daryodil shoir, el-yurt dardiga befarq bo‘lmagan ijodkor sifatida yuksak qadrlaydi. Ustozning samimiy, xalqchil, dardchil she’rlari har bir adabiyot muxlisining   ko‘ngil mulkiga aylangan.

–  Adabiyot ahlini e’zozlashga oid ezgu ishlar yangi-yangi iste’dod sohiblarini kashf etishga turtki bermoqda, – dedi Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev. – Adabiyotga, she’riyatga mehr qo‘ygan inson xalqi qalbidan ham chuqur joy olishi tabiiy. Mahmud Toir ana shunday xalq ko‘nglidan mustahkam o‘rin olgan ijodkordir.

–  Shunday she’rlar  bo‘ladiki, ular insonda betakror kayfiyat bag‘ishlaydi, – dedi O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov. – Agar bu she’rlar bastakorning qo‘liga tushsa, kuy, musiqaning o‘zi paydo bo‘ladi. Buni mo‘’jiza atamoq kerak.  Bunday she’rlar o‘z ohangi, musiqasi bilan yaraladi, deyish mumkin. Mahmud Toir ana shunday mo‘’jizakor she’rlar muallifidir.

– Mahmud akani necha yillar avval ko‘rgan bo‘lsam, hamon o‘shanday kamtar, kamsuqum inson, – dedi O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova. – Yaxshi shoirning kitobi qo‘llardan sira tushmaydi. Bizda ham Mahmud akaning kitoblari o‘qilaverib titilib ketgan. Ularning ijodiga rivoj tilayman.

Mahmud Toirning dastlabki she’riy to‘plami – «Ayt endi, yuragim» 1991 yil bosmadan chiqqan. Shundan so‘ng shoirning «Biz nechun uchrashdik?», «Muhabbat shevasi», «Oqib ketgan armonlar», «Barmoqlar bodasi», «Hakni tanib», «Yuz to‘rtlik», «Saylanma», «Otamning o‘kinchi», «She’r hikmati», «Yangi Toshkentnoma», «Bedorlarga bering dunyoni», «Uyg‘oq dil» «Armon tuni», «So‘z saodati», «Men oftobga alishmagan ayollar» kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

«O‘zbekiston xalq shoiri» (2005) faxriy unvoni, «Mehnat shuhrati» (2001) va «El-yurt hurmati» (2017) ordenlari bilan mukofotlangan.

She’riyat, san’at bayramiga aylangan mazkur tadbirda shoir ijodi, faoliyati haqida so‘z yuritildi. Uning she’rlari bilan aytiluvchi dilbar qo‘shiqlar yangradi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov ishtirok etdi.

 

  Nazokat USMONOVA,

     O‘zA muxbiri