Munosabat
Mamlakatimiz rivojida yangi bosqichni boshlab berayotgan Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi barcha jabhalarni qamrab olgan, chuqur tahlil va aniq ustuvor vazifalarga asoslangan muhim siyosiy hujjat sifatida tarixga kirdi.
Murojaatnoma nihoyaga yetayotgan yilda erishilgan natijalar tahlili va kelgusi yil rejalari emas, balki davlat boshqaruvida mas’uliyat, xalq oldidagi javobgarlik va ochiqlik tamoyillarini yanada mustahkamlovchi yo‘l xaritasidir. Unda inson qadri, adolat, qonun ustuvorligi va ijtimoiy barqarorlik davlat siyosatining bosh mezoni ekani yana bir bor o‘z ifodasi va isbotini topdi.

Davlatimiz rahbari ilgari surgan tashabbuslar hududlarni kompleks rivojlantirish, mahallalarni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni kengaytirish hamda ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega. Bu vazifalar bugungi kun talablariga javob beradigan, xalq bilan bevosita muloqotga asoslangan boshqaruv modelini yanada takomillashtirishni nazarda tutadi.
Namangan viloyati jamoatchiligi Murojaatnomani katta ishonch va mas’uliyat bilan qabul qildi. Chunki unda hududlar salohiyatini to‘liq ishga solish, mahalliy Kengashlar va ijro organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, deputatlik nazoratini kuchaytirish masalalariga alohida urg‘u berildi. Bu esa vakillik organlarining xalq manfaatlari yo‘lida yanada faol va samarali ishlashini taqozo etadi.
Viloyatda so‘nggi yillarda sanoat, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar aynan davlat rahbarining ana shunday aniq va hayotiy qarorlariga tayanadi. Endilikda ushbu Murojaatnomada belgilangan vazifalar hududiy rivojlanish dasturlari bilan uyg‘unlashtirilib, har bir tuman va mahallada aniq natijaga qaratilgan ishlar amalga oshiriladi.
Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi bundan buyon ham qonun ijodkorligi, deputatlik nazorati va jamoatchilik bilan ochiq muloqot yo‘nalishlarida mas’uliyatni yanada oshiradi. Har bir qaror, har bir tashabbus aholining turmush darajasini yaxshilash, yoshlar va ayollar faolligini qo‘llab-quvvatlash, keksalarga e’tibor va ijtimoiy adolatni ta’minlashga xizmat qilishi shart.
Bugungi murakkab va o‘zgaruvchan davrda davlat rahbarining xalq bilan birga bo‘lishi, muammolarni yashirmasdan aytishi va ularning yechimini aniq belgilab berishi jamiyatimizda mustahkam ishonch muhitini yaratmoqda. Aynan mana shu ishonch yurtimiz barqarorligi va ravnaqi uchun eng muhim omildir. Biz, xalq vakillari sifatida, Murojaatnomada belgilangan ustuvor vazifalarni so‘zsiz va sifatli bajarishni o‘zimiz uchun sharafli burch deb bilamiz.
Solijon Mo‘minov,
xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi raisi, deputat.
O‘zA.