Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq ishonchi eng muhim mezon
12:54 / 2021-08-27

Islohotlar bois yildan-yilga shaharu qishloqlar chiroy ochmoqda. O‘tgan yillar ichida Sirdaryo viloyati Guliston shahrida ham hudud qiyofasini yaxshilash, kam ta’minlangan oilalarning uy-joylarini ta’mirlash, fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirildi.

Bundan tashqari shaharda faoliyat yuritayotgan korxona, tashkilotlar, muassasalarni shaharsozlik talablariga mos ravishda joylashtirish, ularning ishchi-xodimlariga qulay sharoit yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda.

Gulistonda “Turon bank” viloyat filialining yangi binoda ish boshlagani gulistonliklarga, filial mijozlariga mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan munosib tuhfa bo‘ldi. Sababi bugungi kunda 16 mingdan ziyod jismoniy va yuridik shaxslarga 15 dan ortiq xizmat turlari bilan xizmat ko‘rsatib kelayotgan bankning oldingi binosida nafaqat mijozlarga, balki xodimlar uchun ham sharoit talab darajasida emas edi.

Qisqa vaqt ichida 7,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga qurib bitkazilgan bino 0,20 gektar maydonda joylashgan. Xalqaro standartlarga to‘la mos keladigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan binoda mijozlarga barcha qulayliklar yaratilgan. Guliston shahrida aholi zich joylashganligi va ko‘plab maishiy, xizmat ko‘rsatish korxonalari faoliyat olib borishi inobatga olinsa, bankning mazkur binoda ish boshlagani har jihatdan ayni muddao bo‘ldi.

Binoning ochilishida viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev, Respublika “Turon bank” boshqaruv raisi Chori Mirzayev, viloyat sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

– Biz amalga oshirayotgan ishlarga xalqimiz baho beradi, – dedi viloyat hokimi. – Shunday ekan, imkoniyatlardan unumli va to‘g‘ri foydalanish kerak. Avvalo, xalqning ishonchini qozonib, aholiga ochiqlik va shaffoflik tamoyili bosh mezonimizga aylanganligini, har qanday byurokratik to‘siqlarga o‘rin qolmaganligini ko‘rsatishimiz kerak.

 

Shuhrat Suyarov,

Furqat Toshmatov (surat), O‘zA