English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq hofizi Ochilxon Otaxonov tavalludining 101 yilligi munosabati bilan xotira kechasi o‘tkazildi
16:47 / 2025-04-08

O‘zbek xalq musiqasining yirik namoyandasi, betakror ovoz sohibi, O‘zbekiston xalq hofizi Ochilxon Otaxonov tavalludining 101 yilligi munosabati bilan Toshkent viloyati Yangiyo‘l madaniyat saroyida xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.

Milliy maqom san’atimiz rivojida Ochilxon Otaxonovning o‘z o‘rni va xizmatlari bor. 

Ochilxon Otaxonov san’atga ilk qadamini havaskorlik bilan boshlab, Jo‘raxon Sultonov kabi ustozlardan ta’lim oldi. Ustoz-shogird an’anasi butun ijodiy faoliyati davomida chuqur ildiz otgan bo‘lib, uning ijrosida xalqona lirika va maqom ohanglari mujassam edi. 

Ustoz san’atkor 1966 yildan umrining oxirigacha maqom ansamblida faoliyat yuritgan. Hofiz ijrosidagi “Nasrulloiy”, “Dilrabolardin”, “Etmasmidim”, “Dilraboni axtarib”, “Vatandin yaxshi yor o‘lmas” kabi musiqiy asarlar bugungi kunda ham milliy musiqamizning bebaho merosi sifatida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi oltin fondida saqlanmoqda.

Xotira kechasida O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Matluba Dadaboyeva, O‘zbekiston xalq artistlari Furqat Ashuraliyev va Elmurod Ahmedov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ahmadjon Dadayev, shuningdek, maqom san’atida faoliyat yuritayotgan ijodkorlar, olimlar, ziyolilar hamda nuroniylar ishtirok etdi.

Tadbir davomida Ochilxon Otaxonov ijodiga bag‘ishlangan yorqin esdaliklar, xotiralar va uning boy san’at merosiga e’tibor qaratildi.

N.Usmonova, O‘zA muxbiri