Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq hofizi Ahmadjon Shukurov nega kamnamo?
16:05 / 2020-08-12

Bir davrada sanʼatkorlar haqida gap ketdi.

Oramizdagi odamlar 

Bir davrada sanʼatkorlar haqida gap ketdi. Ishtirokchilardan kimdir Ahmadjon Shukurov haqida soʻz ochib, “Shu odam koʻrinmay qoldi. Oʻziga xos betakror ovozi bor edi. Men uning qoʻshiqlari muxlisi edim”, desa, ikkinchisi “katta”lardan birortasiga yoqmay qolgandir”, dedi miyigʻida kulib.

 Suhbatni sekin kuzatib turar ekanman, beixtiyor Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Ahmadjon Shukurovning bugun nima uchundir “panaga” oʻtib olgani meni ham qiziqtirib qoldi. Surishtirdim. Ahmadjon aka Qibraydagi musiqa maktabida direktor lavozimida ishlayotgan ekan. Shu asnoda koʻplab savollar bilan taniqli hofizga murojaat qilish imkoniyati paydo boʻldi.

– Ahmadjon aka, baʼzi muxlislaringiz sizni xilvatnishin boʻlib qolgan, deyishyapti?

Bu savolga u kishi quyidagicha javob berdi.

– Avvalo, muxlislarning eʼtiboridan, ularning nazarida borligimdan mamnunman. Xilvatnishin boʻlishga sabab kerak. Menda esa qoʻshiqqa, sanʼatga muhabbatdan boshqa isteʼdod yoʻq. Bizga berilgan tarbiya, oilaviy turmush tarzimiz shu yoʻsinda ulgʻaytirgan. Ochigʻi, birovga laganbardorlik qilish, yolgʻon soʻzlar bilan uni maqtash kabi “fazilatlar” menda yoʻq. Boz ustiga borini bordek gapiraman, dilimdagini tilimga chiqaraman. Hamma narsaning rostini aytaman. Ochigʻi, rostgoʻylik ham gohida boshga balo boʻlganiga tarixda misollar koʻp. Navoiy hazratlari aytgan ekanlar:

Har necha bu soʻz demak – kerakmas,

Chun rostdurur, kerak – kerakmas.

Yani, agar bir soʻz toʻgʻri boʻlsayu, ammo aytish kerak boʻlmasa, demak, uni aytish kerak emas. Menda, ehtimol, shu xislat yetishmas.

– Demak, siz ijoddan, yangi qoʻshiqlar yaratishdan toʻxtamagansiz. Shundan taskin olgansiz. Sizni yaqindan biladiganlarning aytishicha, oʻqigan kitoblaringiz bir vagondan ortib ketar ekan. Kimdir hofizlikdan tashqari sheʼrlar ham yozishingizni aytgan edi. Mavridi kelib qoldi, sanʼatga kirib kelishingiz, “bu gulshan ichra hayot”ingiz haqida soʻzlab bersangiz...

– Ziyoli oilada tugʻilganim eng katta baxtimdir. Otam mulla Shukur Aziziy maʼrifatli davralarda faol ishtirok etib yurganlar. Oʻzlari ham yaxshigina shoir boʻlganlar. Biz tugʻilib oʻsgan Buxoroyi sharif adabiy muhitiga daxldor boʻlgan Jamol Kamol, Neʼmat Aminov, Toshpoʻlat Ahmad singari ijodkorlar xonadonimizga tez-tez tashrif buyurishardi. Qizgʻin adabiy suhbatlar boʻlardi. Men mehmonlarga choy tashish bahonasida ularning gurunglarini tinglardim. Otam madrasa tahsilini koʻrgan inson boʻlganligi tufayli farzandlarini komil shaxs qilib tarbiyalashni maqsad qilgan chamasi, bizga milliy sozlardan birini chalishni vazifa qilib yuklagan. Akam rubob olib kelib, mashq qila boshladi. Men besh yoshlarda edim. Negadir mening urinishlarim yaxshigina samara berdi. Akamdan koʻra mening qoʻlim tezroq rubobga kelib, uning sirlarini osonlik bilan inkishof qildim. Xullas, maktabda tashkil etilgan musiqa darsi va oʻqituvchilarimizning fidoyi saʼy-harakati hamda Buxoro pedagogika instituti (hozirgi BuxDU) ning musiqa fakultetidagi tahsilim tufayli bu sohaning sir-asrorlarini ancha oʻrgandim. Shu tufayli boʻlsa kerak, institutning toʻrtinchi bosqichida oʻqib yurgan paytimdayoq meni respublika filarmoniyasiga sozanda sifatida ishga taklif qilishdi.

Bu joyda oʻsha vaqtda Komiljon Otaniyozov, Faxriddin Umarov, Mukarrama Turgʻunboyeva kabi sohaning dargʻalari faoliyat koʻrsatardi. Ular bilan bir jamoada ishlash, nasihatlariga quloq tutish, tajribalarini oʻrganish chinakamiga ulkan maktab edi. Men taqdirning bu inʼomiga shukronalar qilib, oʻqib-oʻrganishni astoydil davom ettirdim. Tengdoshlarim Sherali Joʻrayev, Gʻulomjon Yoqubov, Qizlarxon Doʻstmuhammedova va boshqalarning oʻsha yerdagi izlanishlari jarayoni nechogʻlik mazmunli kechganini ularning keyingi faoliyati aytib turibdi. Saʼy-harakatlarim samarasi oʻlaroq Oʻzbekiston xalq artisti Mukarrama Turgʻunboyeva eʼtiboriga tushdim. Opa meni “Bahor” ansambliga ishga taklif qildi. Shu bilan katta sanʼatga qadam qoʻydim, yutuqlarga erishdim. Dunyoni kezdim, dovrugʻ qozona boshladim.

“Bahor” ansambli faqat sobiq ittifoq hududida emas, balki dunyo miqyosidagi eng taniqli badiiy jamoalardan biriga aylandi. Uning bir martalik konsertiga istalgan mamlakat katta miqdorda haq toʻlashga rozi edi. Bu oʻzbek milliy sanʼatining xalqaro doirada chinakam eʼtirofi edi. Uning har bir aʼzosi bundan faxrlanardi. Qolaversa, uning safida boʻlish sanʼatkor tarjimayi holini nurli nuqtalar bilan bezardi. Men ham 1983-yil Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, mustaqillik bayrami arafasida Oʻzbekiston xalq artisti, 1992-yilda Qoraqalpogʻiston xalq artisti degan yuksak unvonlarga sazovor boʻldim. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Bahor” ansamblini tiklash haqidagi qarori merosga hurmatning, sanʼatimiz tarixida yorqin iz qoldirgan badiiy jamoa faoliyatiga eʼtiborning goʻzal namunasi boʻldi. Albatta, yangi “Bahor” ansambli barhayot anʼanalarni tiklaydi, milliy sanʼatimiz dovrugʻini olamga tarannum etadi.

– Sanʼat olamida kechgan hayotingizdan orttirgan saboqlaringiz nimalardan iborat?

– Ustoz koʻrmagan shogird har maqomga yoʻrgʻalar, deyishadi. Hozir ishi yurishmagan baʼzilar sanʼatga oʻzini urayapti. Bizning milliy sanʼatimiz ming yilliklarga yetib borgan teran tomirga ega va uning istiqboli ham shunday buyuk. Lekin shu kunlarda bu ilohiy maydonda sodir boʻlayotgan baʼzi voqelar har qanday kishini oʻylashga majbur qiladi. Men toʻla huquq bilan ayta olamanki, sanʼatda kechgan umrimdan xafa emasman. Bunday yuksaklikni taʼminlagan omil esa shu sohaning qadriyatlariga eʼtiqod qilish, ularni ulugʻlash va targʻib etish boʻldi. Bular kasbga sadoqat, yani halollik, ustozlar erishgan yutuqlarni davom ettirish va milliy zaminga tayanib, qoʻshiqchilik sanʼatini boyitishdir. Oʻylantiradigan narsa esa sohadan yiroq, tabiiy iqtidor, yuksak insoniy fazilatlardan mahrum, faqat tirikchilik uchun shu sohaga qadam qoʻygan kishilarning koʻpayib ketgani, hatto ular gohida sohaning iqlimini belgilab berayotganidadir.

Sanʼatkorni qadimdan shamga yoki Qaqnusga mengzaganlar. Demak, u doim nur sochayotgan shamdek porlab turmogʻi lozim. Yurtimizda bu borada qilinayotgan saʼy-harakatlar, ayniqsa, muhtaram Prezidentimizning maqom sanʼatini rivojlantirish sohasidagi amaliy gʻamxoʻrliklari ertangi kunga yorugʻ umid bilan qarashga imkon tugʻdirmoqda. Oʻtgan yili Shahrisabzda oʻtgan xalqaro maqom festivali bu janrning qanchalik teran tomirga ega ekanligini va bunday asarlar inson ruhiyatiga nechogʻlik sirli taʼsir qilishini amalda koʻrsatdi. Shuningdek, maqom ilmini oʻrganish, uni zamonaviy dunyo qoʻshiqchiligi bilan uzviylikda tadqiq etish lozimligi yana-da yorqinroq koʻrindi. Shu maʼnoda Yunus Rajabiy nomidagi milliy musiqa institutining tashkil etilishi ayni muddao boʻldi. Albatta, oʻzbek sanʼati oʻz obroʻsiga yarasha mavqega ega boʻlishi shart.

– Milliy musiqamizdan yaxshi xabardor, tajribali hofiz sifatida bugungi qoʻshiqchilik sanʼati haqida nimalar deya olasiz?

– Menimcha, keyingi yillarda eng koʻp muhokama qilingan mavzu qoʻshiqchilikning ahvoli boʻldi, chamamda. Men ham aytilgan jami tanqidiy fikrlarga qoʻshilaman. Rostdan ham sanʼatni eng kichik unsurigacha bekamu koʻst saqlash kerak, bilʼaks, undagi nafosat, goʻzallik yoʻqoladi. Ana shu meʼyorni saqlashning necha yillardan beri amal qilib kelinadigan talablari bor. Qoʻshiq yoki ashula kishiga zavq ulashishdan tashqari uning tuygʻulariga taʼsir qilishi kerak. Yaʼni yaxshilikka chorlashi, ezgulikka daʼvat etishi, umuman, hayot mazmunini teran anglashga yordam berishi lozim. Agar shu nuqtayi nazardan qarasak, bugungi qoʻshiqchilikda nima bor? Avvalo, sheʼrlarning mazmuniga eʼtibor bersak, ular nazmning eng oddiy qonun qoidalariga javob bermaydi. Turli elektr asboblarning joʻrligida bir soʻzni (masalan “Hoy asalim, Guli, koʻylaklari gulli...”, “Jamila, Jamila...” yoki “Nilufar, Nilufar...”larni) qayta-qayta takrorlagan bilan nima oʻzgaradi? Bular haqida koʻp tanqidiy fikrlar bildirildi, ammo natijasi koʻzga tashlanmayapti.

Bir vaqtlar televideniyeda badiiy kengashlar juda yaxshi ishlardi. Ularning ruxsatisiz hech narsa efir yuzini koʻrmasdi. Sanʼat hech vaqt moddiy manfaatga xizmat qilmasligi lozim, uning oʻz oltin qoidalari bor. Ularga amal qilinmasa, hammasi bir chaqa. Yana bir yomon tomoni, odamlarning didi ham shunaqa “xaltura” darajasiga tushib qolmasin. Bir toʻyda suhbatdoshimiz bachkana qoʻshiqlarni laʼnatlab oʻtirgan edi. Hayal oʻtmay qarasak, oʻzi ham shunaqa qoʻshiqqa berilib raqsga tushib ketdi. Hozirgi ayrim yoshlar mumtoz musiqamizning mohiyatini chuqur tushunmaydi, shuning uchun uni qabul qilolmaydi. Bu hol avlodlar oʻrtasida katta devor paydo qilishi mumkin. Bunday hollardan ehtiyot boʻlish lozim. Yurtboshimiz tomonidan musiqa maktablarining tashkil qilinishi, har bir oʻquvchining bironta soz chalishni bilishi shuning uchun ham gʻoyat ahamiyatli talab qilib qoʻyilishi vaziyatni ancha oʻnglaydi, deb umid qilamiz.

Hozirgi estradamizning yana bir ayanchli ahvoli shundaki, mahalliy sanʼatkorlar xorij musiqasiga koʻr-koʻrona taqlid qilishyapti, ochiqchasiga chet el sanʼatkorlaridan ohang, usulni oʻgʻirlayapti. Bu milliy musiqa sanʼatimizdan bexabarlikning asoratidir. Mana shu koʻchirmakashlik, taqlid tufayli kuchli ovoz sohiblari kam. Axir dunyoni maftun etgan maqomlarimizda jami sir-asrorlar mujassam. Chetga yuzlanmasdan, mumtoz musiqamizga murojaat qilinsa, maʼqul ish boʻlur edi. Chunki bu boy xazinadan har bir zamonga mos totli kuy yaratish mumkin.

– Gaplaringizdan ishonch hosil qilyapmanki, siz ham hayoti past-balandliklardan iborat kishilar toifasidan ekansiz. Endi, albatta, musiqa maktab direktori lavozimiga tayinlanganingizning ham oʻziga xos tarixi, sababi boʻlsa kerak.

– Keyingi uch-toʻrt yilda roʻy berayotgan oʻzgarishlardan boshim osmonga yetayapti. Bu darajada obodlik, farovonlik oldingi yillarda kuzatilmagan. Mening ham zaha tortgan tuygʻularim oʻzgarishlar ruhidan uygʻondi. Aytganingizdek, panada qolib ketganimdan xijolat boʻldim. Prezidentimizning taniqli sanʼatkorlar bilan musiqa maktablari oʻrtasidagi aloqalarni yaxshilash haqidagi koʻrsatmalaridan soʻng Qibraydagi musiqa maktabi direktorligiga taklif qilishdi. Albatta, kelajagimiz egalariga bu soha sirlarini oʻrgatish men uchun ham qarz, ham farz. Shu bilan birga bu yumush juda ham zavqli.

Maktabda 300 dan ziyod iqtidorli bolalar tahsil oladi. Ularga zamonaviy talablar asosida bilim berishga intilyapmiz. Maktab yetarli darajada musiqa asboblari, oʻquv-uslubiy adabiyotlar bilan taʼminlangan. Ishimizdan koʻnglimiz toʻq, bolalarning ham sanʼatga intilishi kuchli. Lekin qizigʻi shundaki, mana ikki yildan oshayapti, biron mutasaddi kishi kelib, “Ahvoling qalay, nima bilan bandsan, ishlar qanday ketyapti?” deb, faoliyatim bilan qiziqqani yoʻq...

Sanʼat fidoiysi, koʻplab unvonlar sohibi, minglab dillarni oʻzining sehrli ovozi bilan maftun etgan Ahmadjon Shukurov bugun ham boqiy sanʼatimizning yorugʻ kelajagi yoʻlida xizmatga kamarbasta. U oʻz tajribasidan kelib chiqib, bugun yaratilayotgan sharoitlarni koʻrib, yurtimizda koʻplab iqtidor egalarining paydo boʻlishiga ishonch bilan qaramoqda. Garchi minglab tomoshabini bor sahnalarda koʻrinmay qolgan boʻlsa-da, doimo oʻzini millionlab navozanda muxlislari bilan birga his qiladi. Ularga yoqadigan, koʻnglini maftun etadigan asarlar yaratish harakatida. Muxlislar esa Ahmadjon Shukurovni katta sahnalarda kutmoqda.   

Dilobar Mamatova suhbatlashdi