Shu kunlarda Dushanbe SHHTning 20 yillik sammitiga katta tayyorgarlik ko‘rmoqda.
2001 yil sentyabr oyida tashkil topgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) xalqaro munosabatlardagi fundamental o‘zgarishlarning nafaqat mahsuli, balki ko‘p qutbli yangi dunyoviy tartibotni shakllantirishda ishtirok etayotgan nufuzli tashkilot hisoblanadi.
bugungi kundagi xorijiy ekspertlar xulosasiga ko‘ra, Xitoy va Rossiya kabi BMTning Xavfsizlik kengashi doimiy a’zolari hisoblangan, Hindiston va Pokiston kabi yadro qurollariga ega qudratli davlatlarni o‘z ichiga olgan tuzilma butun Yevroosiyodagi geosiyosiy va tub o‘zgarishlar jarayonlariga katta ta’sir ko‘rsatadi.
Tashkilotning ustuvor vazifalarini 2002 yildagi qabul qilingan SHHT Xartiyasida o‘z ifodasini topgan "Shanxay ruhi" asosida "o‘zaro ishonch", "o‘zaro manfaat", "tenglik", "o‘zaro maslahatlashuv", "madaniyatlar xilma-xilligiga nisbatan hurmat", "birgalikda rivojlanishga intilish", inson huquq va erkinlikni ta’minlash kabi muhim tamoyillarda ham ko‘rish mumkin.
O‘zbekiston tuzilma rivojiga doim munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Ayni paytda Toshkent shahrida Aksilterror markazi ijro qo‘mitasi samarali faoliyat ko‘rsatayotgani, tuzilmaga so‘nggi uch yilda mamlakatimiz vakili Bosh kotiblik qilayotgani juda ahamiyatli hodisalardir.
O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida SHHT davlatlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli iqtisodiy,siyosiy, ijtimoiy-madaniy, ta’lim sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratibgina qolmay, muhim takliflarning tashabbuskori sifatida ham maydonga chiqmoqda.
Jumladan, Prezidentimiz 2017 yil iyunda Ostonada bo‘lib o‘tgan sammitda Xalq diplomatiyasi markazini ochish tashabbusini ilgari surgan edilar.
2018 yil 26 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekistonda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining xalq diplomatiyasi markazi tashkil etilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, poytaxtimizda "SHHT – Xalq diplomatiyasi markazi" o‘z faoliyatini boshlagan edi. Bu tashkilotga a’zo boshqa davlatlarda ham bu kabi institutlarni tashkil etishga turtki bag‘ishladi.
O‘tgan qisqa vaqt ichida SHHT davlatlari o‘rtasida ijtimoiy-madaniy, xalqaro huquq, ta’lim, tasviriy san’at va boshqa sohalarda o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi va xalqlarimizning do‘stona munosabatlari yanada kuchaydi.
Davlatlar barcha a’zolar o‘rtasida xalq diplomatiyasini rivojlanishiga ko‘mak berish, millatlar o‘rtasida tinchlik va totuvlikni ta’minlash, ayniqsa, tashkilot makonida postpandemiya davrida xalqlarning do‘stlik, o‘zaro ahillik va jipslashishi asosida rivojlanish salohiyatiga tayanmoqda.
A’zo va kuzatuvchi davlatlar,muloqot bo‘yicha sherik mamlakatlar o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat muhitini kuchaytirish, madaniyat,ilm-fan,ta’lim,sport,turizm aloqalarini mustahkamlashda Xalq diplomatiyasi markazlarining o‘rni yil sayin ortib bormoqda.
O‘zbekistondagi Xalq diplomatiya Markazi doimiy ravishda muntazam tadbirlar o‘tkazib, hamjihatlik muhitini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan birgalikda Buyuk hind ma’rifatparvari Maxatma Gandi ijodiga bag‘ishlangan davra suhbatlari turkumlari o‘tkazib kelinmoqda. Alisher Navoiy kutubxonasida «SHHT bilim zali» yaratilgan.
Joriy yil iyunda Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi eng ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashish, ko‘pqirrali hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilashdan maqsadida Uchinchi ayollar forumi bo‘lib o‘tdi.
O‘sha oy iyunda esa besh yuz kishi ishtirokida Uxan shahrida «Gumanitar hamjamiyat, taraqqiyotning yangi drayverlari hamjihatligi» mavzusida Forum o‘tkazildi.
Bunday markazlar tashkilotning asosiy g‘oya va maqsadlarini a’zo davlatlar keng jamoatchiligiga, oddiy odamlarga yetkazishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilayapti.
E. Sultonova,
Siyosiy fanlari doktori, JIDU professori