Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq deputatlari Xatirchi tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida o‘tkazildi
20:24 / 2020-12-16

Navoiy viloyati Xatirchi tumani geografik jihatdan qulay hududda joylashganligi bois qishloq xo‘jaligi sohasida yuqori hosildorlikka erishish mumkin. Buni yillar davomida tumandagi dehqon va fermerlar o‘z faoliyatida isbotlab kelmoqda.

Joriy yilda tumanda qishloq xo‘jaligi sohasida yuqori natijalarga erishildi. Jumladan, tumandagi 11228 gektar maydonda 78,8 ming tonna g‘alla yetishtirilib, o‘rtacha hosildorlik gektariga 70,2 sentnerga yetkazildi. 33473 tonna paxta hosili yetishtirilishi natijasida fermer xo‘jaliklarining umumiy daromadi 52,7 milliard so‘mni tashkil qildi.

Bog‘chakalon, Po‘lkan shoir, Qosim Rahmatov Mirzo Ulug‘bek, Sharof Rashidov, Oq oltin, Alisher Navoiy, ibn Sino, Amir Temur hududlaridagi 13 ta fermer xo‘jaliklarining 577 gektar yer maydoniga tomchilatib sug‘orish texnologiyasining joriy qilinishi natijasida hosildorlik oshib, har bir gektarga qilinadigan xarajatlar kamaydi.

Bu haqda xalq deputatlari Xatirchi tuman Kengashining navbatdan tashqari yigirmanchi sessiyasida aytib o‘tildi.

Sessiya kun tartibidagi Xatirchi tumanini 2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha kutilayotgan natijalar va 2021 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida tuman xokimi G‘ofir Aliyevning murojaati tinglandi.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida qiymati 123,7 milliard so‘mlik, shundan bank kredit mablag‘lari hisobidan 71,7 millard so‘m, loyiha tashabbuskorlarining o‘z mablag‘lari hisobidan 52,1 milliard so‘mlik 68 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 532 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Tumanda eksport salohiyatini yanada rivojlantirish hamda yangi turdagi mahsulotlarni eksportga jalb qilinishi bo‘yicha 2020 yilda jami 17 million dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilishi bo‘yicha reja topshirig‘i belgilangan bo‘lib, bugungi kunda 9,3 million dollarlik (yillik reja ijrosi 54 foiz) mahsulot eksportga yo‘naltirildi xolos. Yil yakuniga qadar qo‘shimcha 3 million dollarlik mahsulot eksporti amalga oshiriladi.

Tumanda joylashgan Xatirchi kichik sanoat zonasi hududida 16 ta korxonada qiymati 293,5 milliard so‘mlik loyiha joylashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar 2 ta loyiha ishga tushirildi va yil yakuniga qadar 3 ta qiymati 268,6 millard so‘mlik loyihalar ishga tushirilishi belgilangan. Natijada 1040 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Tumanda 2017 yilda jami 12 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lib, jami 1278 nafar bola qamrab olingan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 302 ta bog‘cha faoliyat yuritib, 3 yoshdan 7 yoshgacha bolalar qamrovi 70,3 foizni tashkil etmoqda.

Murojaatda tuman hokimi 2021 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Jumladan:

Dastlabki, hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021 yilda umumiy qiymati 1 trillion so‘m bo‘lgan 147 ta loyiha shakllantirilib, ular doirasida 2840 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, tumanda 2021 yilda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish dasturi tasdiqlanib, unga ko‘ra, umumiy qiymati 289,7 milliard so‘m bo‘lgan 312 ta loyiha amalga oshiriladi. 

2702 gektar yangi yerlarni tomchilatib (yomg‘irlatib) sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish orqali oborotga kiritish rejalashtirilgan. Uning 50 gektarida sabzavot, 172 gektarida poliz, 250 gektarida dukkakli hamda 540 gektarida bog‘, 1690 gektarida tokzorlar barpo etiladi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun 92,6 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 1058ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilishiga erishiladi.

2021 yilda ham aholi bandligini ta’minlash maqsadida 1,5 ming nafar fuqaro maqsadli dasturlar doirasida yaratiladigan va bo‘sh vakant ish o‘rinlariga ishga joylashtirilishi, 1100 nafar fuqaro jamoat ishlariga jalb etilishi, 650 nafar fuqaroning bandligini ta’minlash uchun 5 ta yo‘nalishdas ubsidiya mablag‘i ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek. kelgusi yilda aholining yashash va turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida ijtimoiy va muhandislik infratuzilma ob’ektlari, 3 ta tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 6 ta ko‘p qavatli 148 xonadonli uy-joylarqurilishi, yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.

Sessiyada Murojaat bo‘yicha deputatlar so‘zga chiqib, yil davomida amalga oshmay qolgan loyihalar va rejalar, 2021 yil dasturlari, yo‘l xaritalari yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirdilar. Kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilinib, deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Abduvali BO‘RIEV, O‘zA