Guliston tumanida Xalq deputatlari tuman Kengashi faoliyatini yanada samarali tashkil etish, deputatlar uchun qulay ish sharoitlarini yaratish maqsadida yangi ta’mirlangan bino foydalanishga topshirildi.
Ilgari Xalq qabulxonasi sifatida foydalanib kelingan mazkur bino to‘liq rekonstruksiya qilinib, zamonaviy talablar asosida yangilandi.
Qayd etilishicha, ta’mirlash va qayta jihozlash ishlariga qariyb 200 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Yangi bino deputatlar va kotibiyat xodimlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlangan bo‘lib, aholi murojaatlari bilan ishlash, yig‘ilishlar o‘tkazish hamda fuqarolar bilan ochiq muloqot olib borish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Yangi binoni foydalanishga topshirish marosimida Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi raisi, senator Pokiza Ahmedjanova, Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev, tuman va shaharlar Kengashlari kotibiyati xodimlari, nuroniylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mazkur bino kelgusida xalq manfaatlariga munosib xizmat qilishi, deputatlik faoliyatini yanada faol va samarali yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Shuningdek, yaratilgan yangi shart-sharoitlar aholi murojaatlarini joyida o‘rganish, muammolarni tezkor hal etish va ochiqlikni ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.

– Mazkur binoning ta’mirlanib, Xalq deputatlari tuman Kengashiga foydalanishga topshirilishi nafaqat Kengash a’zolari, balki aholi vakillari uchun ham qator qulay imkoniyatlar yaratadi. Ilgari Kengash a’zolari bilan uchrashuvlar tashkil etishda muayyan muammolar mavjud edi. Ayrim hollarda esa zarur shart-sharoitlar ta’minlanmagani turli noqulayliklarni keltirib chiqarayotgandi. Endi esa bu muammolar bartaraf etildi. Bundan nafaqat Kengash a’zolari, balki aholimiz ham nihoyatda mamnun, – deydi Do‘stlik mahallasi faol nuroniysi Obidjon ota Abdullayev.

Tadbir doirasida deputatlar ishtirokida seminar ham o‘tkazilib, unda deputatlik faoliyatini yanada faollashtirish, aholi bilan muloqotni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Seminar yakunida faol va tashabbuskor deputatlar munosib taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA