Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati muhokama qilindi
16:02 / 2022-02-22

Oliy Majlis Senati, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va BMT Taraqqiyot Dasturining Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim etishni takomillashtirish va mahalliy boshqaruv darajasini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatining funksional tahlili amalga oshirildi.

Bugun, 22 fevralda Oliy Majlis Senati a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar, siyosiy partiyalar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari vakillari va xalqaro ekspertlar ishtirokida 3 ta tajriba hududida mazkur tahlilning yakuniy natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy Majlis Senati Matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda funksional tahlilning mahalliy Kengashlar faoliyatini yanada takomillashtirishda, ularning ijro hokimiyati organlari ustidan nazoratini mustahkamlashda, Kengashlarni aholi muammolarini yechishdagi o‘rnini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan mazkur funksional tahlil doirasida viloyat, tuman xalq deputatlari Kengashlari, kotibiyat xodimlari, mahalliy hokimiyat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, jamoat tashkilotlari va xususiy sektor vakillari, shuningdek, fuqarolar bilan muloqot olib borildi.

Qayd etish joiz, funksional tahlil natijalari so‘nggi yillarda mahalliy Kengashlar faoliyati sezilarli darajada faollashganligini, oliy hududiy vakillik organi sifatida Oliy Majlis Senati tomonidan ularning faoliyatini samarali tashkil etish, ularga uslubiy jihatdan ko‘maklashish, deputatlarning amaliy ko‘nikma va malakalarini oshirish borasidagi ishlar tizimli ravishda amalga oshirilayotganligini ko‘rsatdi.

Xususan, mahalliy Kengashlar ishini samarali tashkil etishga yaqindan ko‘maklashish maqsadida Kengash kotibiyatlari tashkil etildi, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamenti hamda Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari to‘g‘risidagi namunaviy nizom yangidan tasdiqlandi.

– 2020-2021 yillar davomida mahalliy Kengash deputatlari uchun 20 dan ziyod o‘quv-seminarlar tashkil etilgan. BMT Taraqqiyot Dasturi ko‘magida “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatini to‘g‘ri va samarali tashkil etish masalalari bo‘yicha uslubiy qo‘llanma” ishlab chiqilib, har bir deputatga yetkazib berilgan. Mahalliy Kengashlar kotibiyatlari ishini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqilgan, – e’tirof etildi tadbirda.

Tadqiqot jarayonida mahalliy Kengashlar vakolatlari va nazorat funksiyalarining kengayib borayotgani bilan bir qatorda, ularning faoliyatida ayrim kamchiliklar mavjudligi ham kuzatilgan. Loyiha ekspertlari tomonidan ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha bir qator takliflar ham ishlab chiqildi.

Mazkur takliflarning aksariyati 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida o‘z aksini topganini alohida qayd etish lozim.

Yana bir ma’lumot: 2022 yilda “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari reglamenti to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari Kengashlari nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ishlab chiqildi. Mahalliy Kengashlar hamda hokimlarning vakolatlarini aniq belgilashga oid alohida qonunlar qabul qilindi, shuningdek, doimiy asosda ishlovchi deputatlar korpusi shakllantirildi.

Davra suhbatida tadqiqot natijalari qizg‘in muhokama qilindi, mahalliy Kengash deputatlari ham so‘zga chiqib, amalga oshirilgan tadqiqot ishi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

O‘zA