English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq deputatlari mahalliy kengashlar faoliyatida deputat ayollarning o‘rni
17:30 / 2022-10-26

Jizzax shahrida “Xalq deputatlari mahalliy kengashlar faoliyatida deputat ayollarning o‘rni” mavzusida tadbir tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zolari, xalq deputatlari Jizzax viloyati, shahar va tuman Kengashlaridagi ayol deputatlar, xalq deputatlari shahar va tuman kotibiyat mudirlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Joriy yil 8-9 sentyabr kunlari Toshkentda Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti o‘tkazilgan edi.

Sammitda inqirozli vaziyatlarni hal etishda tenglik, adolat va barqarorlikka asoslangan gender masalalariga javob beradigan parlamentni shakllantirish bo‘yicha Harakatlar rejasini ishlab chiqish zarurligiga, ayollarning salomatligini mustahkamlash, ularning ijtimoiy himoyalanmagan qatlamiga alohida e’tibor qaratish ustuvor vazifa bo‘lib qolishi ta’kidlangandi.

Shulardan kelib chiqqan holda, tadbirda so‘nggi besh yilda jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda xotin-qizlarning teng ishtirok etishini ta’minlash, ularni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.

Mamlakatimizda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. O‘zbekiston tarixida ilk marotaba parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetib, dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o‘ringa ko‘tarildi.

Jizzax viloyatida xotin-qizlar soni 714 ming 67 nafar yoki umumiy aholi sonining 49,6 foizni tashkil etib, shundan rahbar va ijtimoiy faol ayollar 1 ming 720 nafar, bandligi ta’minlangan ayollar 78 ming 836 nafar, uzoq muddatga ishlash uchun ketgan ayollar 5 ming 236 nafar, imtiyoz bilan OTMga kirganlar 499 nafar, “Oqila ayollar harakati” a’zolari 4 ming 920 nafar va “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilganlar viloyat bo‘yicha 21 ming 723 nafarni tashkil etmoqda.

[gallery-9293]

– E’tibor ijtimoiy himoya tizimining manzilliligi va samaradorligini kuchaytirish, kambag‘allikni qisqartishda mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llariga qaratildi, – deydi Oliy Majlis Senati a’zosi, Jizzax shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori S.Suyarova. – Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari” tizimi joriy etildi. Jizzax viloyatida “Ayollar daftari”ga kirgan ishsiz xotin-qizlar 5 ming 881 nafarni tashkil etib, shundan bandligi ta’minlangan xotin-qizlar soni 5 ming 868 nafarga yetdi.

Xotin-qizlarning davlat va jamiyat qurilishidagi ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda e’tiborni kuchaytirish maqsadida 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi.

– Yaqin yillarda mamlakatimizda gender strategiyasini amalga oshirishdan salmoqli natijalarga erishish kutilmoqda, – deydi Oliy Majlis Senati a’zosi, Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi, doimiy komissiya raisi N.Muxtorova. – Xususan, yuqori va quyi tizimdagi davlat organlarining rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni tayinlash amaliyotini kengaytirish maqsadida davlat organlarida vaqtinchalik kvotalash tizimini joriy qilish orqali xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi mutanosiblik ta’minlanadi.

Tadbir davomida, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan, ayniqsa qishloq joylaridagi oilalardagi xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish, ayollarning o‘zini o‘zi band qilishga e’tibor qaratilishi shart ekanligi ta’kidlandi.

Tadbirda mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari to‘g‘risida fikrlashildi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA