Jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha vakolatlarini takomillashtirishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, mahalliy Kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Kengash raisi o‘rinbosari va Kengash Rayosati institutlarini joriy etish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu maqsadda, bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur loyiha parlament quyi palatasining majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyatini yanada samarali tashkil etish hamda vakillik nazoratining yangi shakllarini joriy etishga qaratilgan.
Qonun loyihasi bilan xalq deputatlari mahalliy Kengashi raisi o‘rinbosari institutini joriy etish, unga bir vaqtning o‘zida Kengash kotibiyati mudiri vazifasini bajarish hamda Kengash kotibiyati xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish vakolatlarini berish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, mahalliy Kengashlar sessiyalari kun tartibi loyihasini shakllantirish, doimiy komissiyalar ishini muvofiqlashtirish va boshqa tashkiliy vakolatlarga ega Kengash Rayosati institutini joriy etish va uning ish faoliyati tartibini belgilash ko‘zda tutilyapti.
Bundan tashqari, Kengashlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining ayrim muhim ijtimoiy masalalar yuzasidan axborotlarini eshitish bo‘yicha “Kengash soati” institutini joriy qilish taklif etilmoqda. Bunda viloyat, tuman va shahar darajasidagi tashkilot va idoralar rahbarlarining o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha axborotlari eshitiladi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar xalq deputatlari Kengashlari faoliyatini samarali tashkil etishga, joylarda Kengashlarning nazorat faoliyatini takomillashuviga xizmat qiladi.
Muhokamalarda deputatlar tomonidan bir qator savollar ko‘tarildi hamda tegishli javoblar qaytarildi va qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA