Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq deputatlari Asaka tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi
17:51 / 2020-09-09

Sessiyani viloyat hokimi, xalq deputatlari viloyat kengashi raisi Sh.Abdurahmonov olib bordi


Sessiyani viloyat hokimi, xalq deputatlari viloyat kengashi raisi Sh.Abdurahmonov olib bordi.

Tuman kengashi deputatlari, korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari ishtirok etgan sessiyada tashkiliy masala – yangi tuman hokimini tayinlash masalasi koʻrildi.

Xalq deputatlari viloyat kengashi raisi, viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov kun tartibidagi masala yuzasidan maʼruza qildi.

Prezidentimiz joriy yil 24-yanvarda Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalarni ijrosi yuzasidan Asaka tumanida amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalar ekan, tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha yoʻl qoʻyilgan kamchiliklari xususida atroflicha toʻxtalgan edi.

Tuman rahbariyati tomonidan yurtboshimizning fikrlaridan toʻgʻri xulosa chiqarilmadi, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha aniq, amaliy ishlar olib borilmadi. Xususan, joriy yilning 6 oyi uchun belgilangan 22,6 million dollarlik eksport rejasi 77,6 foizga bajarildi. Hududiy eksport rejasi surunkali bajarilmasdan kelmoqda. Tumandagi sanoat korxonalarining 54,6 foizi faoliyatini toʻxtatgan, 12,9 foizi past quvvat bilan ishlamoqda.

Asaka sanoatlashgan hudud hisoblansa-da, tumanida 2020-yil uchun belgilangan byudjet daromadlari prognoz koʻrsatkichi olti oy yakuni bilan atigi 37 foizga bajarilgan xolos. Roʻyxatdan oʻtgan 2 ming 817 ta yuridik tashkilotlarning 39,1 foizi faoliyatini toʻxtatgan.

Aholisi oʻta zich boʻlgan tumanda ishga muhtoj boʻlganlar soni 18,5 ming kishini tashkil etib, ushbu koʻrsatkich yil boshiga nisbatan kamayish oʻrniga ortib ketgan.

Mazkur masala yuzasidan tuman bandlik va mehnat munosabatlari boʻlimiga yil boshidan buyon 1 ming 755 nafar fuqaro murojaat qilgan. Ulardan atigi 847 nafari yoki 48 foizi ishga joylashtirilgan.

Sessiyada viloyat hokimi tomonidan Asaka tumani hokimi lavozimiga tavsiya etilgan, shu kunga qadar Jalaquduq tumani ichki ishlar boʻlimi boshligʻi vazifasida ishlab kelgan Mansurbek Mamasidiqovich Alixonov nomzodi Asaka tumani kengashi deputatlari tomonidan tasdiqlandi.

Sessiya ishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Q.Quronboyev ishtirok etdi va tumanda amalga oshirilishi zarur vazifalar xususida toʻxtaldi.

Ochiq-oshkora ruhda oʻtgan sessiyada tumanda hal etilishi lozim boʻlgan masalalar atroflicha muhokama qilindi. Koʻrilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.