27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan parlament va mahalliy Kengash deputatlari saylovi bo‘yicha saylovoldi tashviqoti 22 sentyabrdan e’tiboran boshlandi. Ayni kunlarda barcha siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari targ‘ibot-tashviqot ishlarini jadallik bilan olib bormoqda.
Xususan, Xalq demokratik partiyasi faollaridan iborat volontyorlik guruhlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari tomonidan yangi Saylovoldi dasturi hamda deputatlikka nomzodlarni keng targ‘ib qilish uchun barcha hududlarda faol targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Ko‘chalarga partiyaning “Har bir inson farovonligi uchun” shiori yozilgan bannerlar o‘rnatilib, LED ekranlarda ham namoyish etilmoqda.

Poytaxtimizdagi istirohat bog‘laridan birida maxsus shoxobcha tashkil etilib, aholiga partiya Saylovoldi dasturidagi taklif va tashabbuslar mazmun-mohiyati tushuntirilmoqda. Har bir inson farovonligi, jamiyatimiz ravnaqi yo‘lida kurashayotgan partiyaning Saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlashga chaqirilmoqda.
Shuningdek, partiyaning faoliyati va tashabbuslariga oid flayerlar, bukletlar va yangi dastur o‘rin olgan kitobchalar aholiga tarqatilmoqda.
Tarqatma materiallardan tashqari, partiya Saylovoldi dasturida ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik prinsiplari asosida taklif etilayotgan yangi g‘oyalar, Xalq demokratik partiyasidan deputatlikka ko‘rsatilgan nomzodlar haqida ham saylovchilarga ma’lumotlar berilyapti. Shu bilan birga, aholi bilan muloqotlar chog‘ida yurtdoshlarimiz saylovda faol bo‘lishga chaqirilmoqda.
Partiyaning tashviqot ishlari barcha hududda faollik bilan davom ettirilmoqda.
M.Komilova, O‘zA