Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq dardiga darmon hujjat...
12:08 / 2020-04-25

Prezidentimiz “Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi boʻyicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonga imzo chekdi.


Prezidentimiz “Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi boʻyicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonga imzo chekdi. Mazkur farmon xalqimiz uzoq yillar kutgan tarixiy hujjat boʻldi. Chunki, ushbu farmonda vaqtlar mobaynida fuqarolarga qiyinchiliklar tugʻdirib kelgan qator muammolar oʻz yechimini topgan.

– Propiska tizimini isloh qilish xalqimizning koʻp yil kutgan orzusi edi, desak mubolagʻa boʻlmaydi, – deydi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov. – Prezidentimizning shaxsiy irodasi tufayli propiska tizimini yana-da isloh qilishga oid farmon imzolandi. Hujjat loyihasi muhokamasida mingdan ziyod taklif kelib tushgani va ularning aksariyatida farmon qoʻllab-quvvatlangani koʻp yillik muammolarning yechimiga qaratilgan hujjat ekanidan dalolat beradi.

Bu jarayonda, avvalo, erkinlikni cheklovchi, ajratuvchi degan salbiy tasavvurlarni paydo qilgan propiska atamasidan voz kechilmoqda.

Hujjatga muvofiq, “doimiy propiska qilish” va “turgan joyi boʻyicha hisobga olish” tushunchalari “doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish” va “vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish” tushunchalariga oʻzgartiriladi. Shuningdek, fuqarolarga birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarini oʻzi doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatda boʻlgan manzil bilan bir qatorda egaligida boʻlgan uy-joyga ham doimiy roʻyxatga qoʻyish huquqi beriladi.

– Hozirgi kunda butun dunyo boʻylab koronavirus pandemiyasi avj olayotgan va respublikamiz hududi boʻylab ham oʻz taʼsirini oʻtkazayotgan, mamlakat miqyosida karantin tadbirlari olib borilayotgan boʻlishiga qaramasdan davlatimiz rahbari tomonidan irodali qaror qabul qilinib, farmon imzolandi, – deydi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshligʻi Ulugʻbek Muhammedov. – Unga koʻra, keng jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda ruxsat berish xususiyatiga ega boʻlgan doimiy propiska qilish tizimidan bosqichma-bosqich xabar berish xususiyatidagi roʻyxatdan oʻtkazish tizimiga oʻtishga rozilik berildi.

– Jahon tajribasidan maʼlumki, propiska tizimiga oʻxshash boʻlgan aynan propiska emas, roʻyxatda turish bilan bogʻliq tizim mavjud, – deydi huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev. – Lekin u ruxsat olish emas, balki xabardor qilish maqomida. Misol uchun, siz bir shahardan boshqa shaharga yashagani kelsangiz ushbu manzildagi davlat organlarini onlayn elektron ravishda xabardor qilsangiz kifoya. Kimdandir ruxsat olish, kimningdir eshigida turish, bir dunyo hujjatlar tayyorlash haqidagi talablar boʻlmaydi. Shu narsalar bekor boʻlib farmon bilan tizim yangilanmoqda.

Ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu farmon bilan doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga qoʻyish uchun er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti hamda bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda doimiy yashash joyi boʻyicha propiska yoʻqotilishi haqidagi qoidalar chiqarib tashlandi. Oilaga tarbiyaga olingan shaxslar ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga turish imkoniyatiga ega boʻladi.

Malakali mutaxassislar har joyda zarur. Shu sababli ehtiyojga qarab kimdir u hududda, kimdir bu hududda mehnat qiladi. Biroq bu borada ham bir qator muammolar mavjud edi. Masalan, shu paytgacha mutaxassislarning propiskani yoʻqotib qoʻyish qoʻrquvi sababli Toshkent shahridan boshqa viloyatlarga doimiy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun borishni rad etish holatlari mavjud edi.

Farmonga muvofiq, ilgari Toshkent shahri va viloyatida doimiy roʻyxatga ega boʻlgan fuqarolar qaytib kelganda, ular ushbu hududlarda hech qanday qoʻshimcha shartlarsiz qayta doimiy roʻyxatga olinishi mumkin boʻladi. Toshkent shahri va viloyatida joylashgan davlat organlari va tashkilotlarida 5 yil muddat mobaynida uzluksiz mehnat faoliyatini yuritayotgan mutaxassislar (texnik, xizmat koʻrsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) mazkur hududlarda doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinadi.

– Men olti yildan buyon Respublika onkologiya ilmiy markazida shifokor boʻlib ishlayman, – deydi Muzaffar Otajonov. – Shu kungacha vaqtinchalik propiska orqali Toshkent shahrida yashab kelganman. Endilikda davlat korxonalarida 5 yildan ziyod ishlagan xodimlarga ham doimiy propiskaga oʻtish imkoniyati berildi. Bu bilan bizga katta imkoniyatlar, qulayliklar yaratildi. Ortiqcha sarsongarchilikdan ozod boʻldik. Bundan juda xursandmiz.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinishini rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga roʻyxatga olish uchun shtamp bosish amaliyotidan voz kechiladi va bu raqamlashtiriladi. Soliq idoralarida hisobga olingan ijara shartnomasi taqdim etilganda vaqtincha roʻyxatga olinishda uy-joy egasining roziligi talab etilmaydi.

Yana bir muhim yangilik – 2020-yil 1-apreldan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koʻchmas mulkni olishda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinganligi talab etilmaydi. Eʼtiborlisi, 1-sentyabrdan boshlab Toshkentda doimiy va vaqtincha roʻyxatdan oʻtmasdan yashash muddati 10 kundan 15 kunga oʻzgartirildi.

Mazkur farmon bilan propiska tizimining isloh etilishi respublikamizning qaysi hududida boʻlmasin, har bir fuqaro propiska olish huquqiga ega boʻladi. Bu esa fuqarolarimizning Konstitutsida belgilangan erkinlik va tenglik bilan bogʻliq uzviy huquqlarini yana-da kafolatlash imkonini beradi.