Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, odamlarni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Ushbu jarayonda mas’ullarning aholi bilan bevosita muloqoti, odamlarning yashash sharoitlaridan xabardorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdi. Tadbir avvalida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) Bosh kotibi Sulton Rayev hamda vazir Navoiy haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.
Shundan so‘ng, viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) Bosh kotibi Sulton Rayev O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida 2026 yil – “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti” tadbirlari doirasida viloyatda o‘tkaziladigan tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Belgilab olingan tadbirlarda turkiy davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlash, shuningdek, Andijon shahrini xalqaro miqyosdagi nufuzini ko‘tarish, Andijonni turkiy dunyoning madaniy markazlaridan biriga aylantirishga qaratilgan keng qamrovli tadbirlarni tashkil etish, bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish asosiy yo‘nalish sifatida belgilandi.
[gallery-27579]
Shundan so‘ng Madaniyat vaziri Andijon viloyatining qator hududlarida bo‘lib, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, islohotlar jarayonlari bilan yaqindan tanishdi, aholi va yoshlar bilan muloqot o‘tkazdi.
Bugungi kunda Andijon viloyatida 126 ta madaniyat va san’at muassasasi, jumladan, 3 ta teatr, Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi, 1 ta musiqaga ixtisoslashtirilgan maktab-internat, 29 ta bolalar musiqa va san’at maktabi mavjud.
Shuningdek, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi viloyat bo‘limlari, ko‘zi ojizlar kutubxonasi va uning 13 ta filiali, 16 ta tuman, shahar madaniyat bo‘limi, 71 ta madaniyat markazi, ko‘plab madaniyat va istirohat bog‘lari faoliyat yuritmoqda.
Vazir Andijon tumanidagi “Baxt” mahalla fuqarolar yig‘inida “Madaniyat mahalladan boshlanadi” g‘oyasi asosida olib borilayotgan ishlar, xususan, mahallada joylashgan 12-son bolalar musiqa va san’at maktabi, “mahalla yettiligi” faoliyati bilan ham tanishdi. Tumandagi Taxtako‘prik, Qo‘shariq mahallalaridagi ehtiyojmand oilalar xonadonlarida bo‘lib, oila vakillari bilan suhbatlashdi, ularning yashash sharoitlari bilan qiziqdi, muammolarini eshitdi, ehtiyojmand oilalarga sovg‘alar topshirdi.
Andijon tumani madaniyat markazida “Vazir va yoshlar uchrashuvi” doirasida tuman yoshlari bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda yoshlar o‘zlarining taklif va tashabbuslarini bildirdi. Madaniyat, ijod va yoshlar bandligiga oid qator masalalar atroflicha muhokama qilindi. Samimiy muloqotda vazir bugungi kunda yoshlarga berilayotgan keng imtiyozlardan samarali foydalanish, imkoniyat va salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishlari muhim ekanligini alohida ta’kidladi.
Vazir Andijon tumani Oyjamol mahallasi, Navbahor ko‘chasida yashovchi, 1-guruh nogironi Sherzodbek Akbarov xonadonida ham bo‘lib, oiladagi yashash sharoiti bilan tanishdi, suhbatlashdi.
– Ozodbek Nazarbekov holimdan xabar olish uchun xonadonimizga kelganidan ko‘nglim tog‘day ko‘tarildi. Yurtimizda men kabi ko‘ngli yarim insonlarga alohida e’tibor qaratilayotganligi, ezgu va xayrli ishlar olib borilayotganligi uchun mana shunday ishlarning boshida turgan barcha insonlarga katta rahmat aytaman, – deydi Sherzodbek Akbarov.
Ozodbek Nazarbekov Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlab, Andijon viloyati qo‘g‘irchoq teatrida o‘tkazilgan “Nazm va navo” adabiy-ma’rifiy kechada ham ishtirok etdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.