Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq bilan ishlashni o‘rgangan odam har qanday ishni uddalaydi
16:34 / 2026-03-10

Bu o‘n yillik o‘qituvchilikdan so‘ng tuman hokimi o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i vazifasiga tayinlanib, qisqa vaqtda bu mas’uliyatli vazifani munosib uddalayotgan Noila Kambaridinovaning hayotiy xulosasi.

Noila Kambaridinova Toyloq tumani hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 3-martdagi “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq yurtimizning fidoyi va tashabbuskor xotin-qizlari qatorida u ham “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

– Ayol uchun birinchi navbatda oila manfaatlari ustun bo‘lishi kerak, shundagina bugun oilalarda uchrayotgan turli noxush holatlar kuzatilmaydi, – deydi Noila Kambaridinova. – Samarqand davlat universitetining tarix fakultetida o‘qidim. Xalqimizga xos an’anaga muvofiq, universitetni bitirib turmushga chiqdim. Birin-ketin uch farzandli bo‘ldim, ammo ishlashim kerak, karera qilishim zarur, deb oilam tinchligini buzganim yo‘q. Imkon topib, magistraturada o‘qidim. Farzandlarimni maktabgacha ta’limga bergach, ishlashim uchun imkoniyat yaratildi. Mehnat faoliyatimni Toyloq tumanidagi 59-umumta’lim maktabida o‘qituvchilikdan boshladim. Maktab hayotga bo‘lgan qarashimni o‘zgartirdi. Xalq bilan ishlashni o‘rgangan odam har qanday ishni uddasidan chiqadi. Bu mening hayotiy xulosam. O‘n yil ichida oddiy o‘qituvchilikdan maktab direktorligigacha yetib bordim. 2022-yilda ushbu vazifa – Toyloq tuman hokimi o‘rinbosarligi ishonib topshirildi. To‘rt yildirki tumanimizda oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning manfaatlarini himoya qilish yo‘lida xizmat qilib kelyapman.  

Ko‘pchilik qiziqtiradigan savol bor: maktab osonmi yoki hokimiyat? Men uchun har ikkisining alohida o‘rni bor. Ayniqsa, o‘ta og‘ir mas’uliyati! Sir emas, xotin-qizlar masalasi bugun ancha dolzarb. Jamiyat ustuni bo‘lgan oila taqdiri ayollar bilan bog‘liq. O‘tgan davr mobaynida amalga oshirgan ishlarimiz o‘z natijasini berib, ajrimlar sonini qisqartirib bormoqdamiz. Bunda asosiy omillarni o‘rgangan holda yondashuvni o‘zgartirganimiz natijadorlik sezilarli oshishini ta’minlamoqda. O‘rganishlar davomida ajrim kelib chiqishining asosiy sabablari migratsiya, yoshlarning oilaga tayyor emasliklari va shar’iy nikohlar ekanligi ayon bo‘ldi. Bugungi kunda aynan ushbu yo‘nalishlarda qat’iy chora-tadbirlarni amalga oshiryapmiz.  

Haftaning dushanba kuni tumanda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ajrimlar bilan ishlash kuni deb belgilangan. Tizimli ishlar o‘z samarasini berayotgani raqamlarda ham o‘z aksini topmoqda.  

– Davlatimiz rahbarining e’tibor va e’tirofi faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirish uchun o‘ziga xos kuch-g‘ayrat bag‘ishladi, – deydi “Shuhrat” medali sohibasi Noila Kambaridinova. – Bundan buyon ham yuksak ishonchga munosib bo‘lib, zimmamdagi mas’uliyatni sharaf bilan bajarishga intilaman.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),

O‘zA muxbirlari