Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq baxtu saodatiga baxshida umr
17:41 / 2016-09-04

Buxoro viloyatidagi 35-umumta’lim maktabida ham yangi o‘quv yili “Xotira darslari” bilan boshlandi.

Buxoro viloyatidagi 35-umumta’lim maktabida ham yangi o‘quv yili “Xotira darslari” bilan boshlandi.

Maktab hovlisi o‘qituvchilar, o‘quvchilar va ota-onalar bilan gavjum. Bu yerda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan marosim o‘tkazildi.

Mustaqilligimiz asoschisi va rahnamosi bo‘lgan Islom Karimov xotirasi esga olinib, hayot yo‘li haqida atroflicha so‘z yuritildi. O‘z istiqlolining 25-yilligini keng nishonlagan O‘zbekiston Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” asosida o‘tgan davrda asrlarga tatigulik yutuqlarga erishdi. Huquqiy demokratik va erkin fuqarolik jamiyati barpo etish borasidagi xalqaro tajribalar hisobga olingan holda ishlab chiqilgan milliy strategiya bugun jahonda katta tajriba sifatida e’tirof etilmoqda.

– Mamlakatimizda aholi farovonligini yuksaltirish, hayot sifatini yaxshilash, yoshlarning jahon andozalari darajasida bilim olishi va har tomonlama barkamol ulg‘ayishiga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi ushbu maktab direktori Gulchehra Ravshanova. – Uzluksiz ta’limning “9+3” tizimi bevosita Prezidentimizning g‘oyasidir. Unga asosan ta’lim sohasidagi eskicha qarash va andozalardan voz kechildi. Ilg‘or pedagogik va zamonaviy axborot texnologiyalari qo‘llanilishi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlangani ta’lim sifati va samaradorligini tobora oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Ilm maskanida 1 ming 830 o‘quvchiga 120 dan ziyod o‘qituvchi ta’lim-tarbiya bermoqda. Mazkur maktab o‘qituvchilarning o‘z malakasini oshirishi, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni keng qo‘llashi samarasida ta’lim-tarbiya samaradorligi ko‘rsatkichi bo‘yicha mamlakatda o‘z nufuziga ega. Chet tillarni o‘qitish tajribasini o‘rganish bo‘yicha viloyatdagi tayanch maktablardan biridir.

O‘quvchilar, ota-onalar Islom Karimov portreti poyiga gullar qo‘yib, xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Sinflarda “Xotira darslari” boshlandi.

Yangi o‘quv yilida maktabga 330 o‘g‘il-qiz ilk bor qadam qo‘ydi. Ularga darslik va o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alari berilgani bolakaylar uchun unutilmas voqea bo‘lib qoldi. O‘quvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hayot yo‘li, uning rahnamoligida mustaqillikning o‘tgan yigirma besh yilida erishilgan yutuqlar haqida so‘zlab berildi, videorolik namoyish etildi.

Viloyatning barcha maktablarida yangi o‘quv yilining ilk kuni hayotini xalq baxtu saodatiga bag‘ishlagan ulug‘ insonni e’zozlash, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar bilan faxrlanish, istiqbolning yanada nurafshonligi, ezgulik, el-yurt taqdiriga daxldorlik haqidagi saboqlar bo‘lib o‘tdi.