Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Aksiyadorlik tijorat Xalq banki tomonidan “Ayol – rahbar lavozimida» mavzusida tadbir tashkil etildi.
Bundan koʻzlangan asosiy maqsad ayollarni tadbirkorlikka jalb etish va ularni qoʻllab-quvvatlashdan iborat. Mazkur tajriba davlat rahbari tomonidan boshqa banklarga namuna sifatida koʻrsatilmoqda.
Tadbirga Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Xalq banki tizimida joriy etilgan oʻrinbosar lavozimlarida faoliyat yurituvchi barcha ayollar taklif etilib, ularga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonova, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adham Bekmurodov, Aksiyadorlik tijorat Xalq banki Boshqaruvi Raisi Shuhrat Atabayev hamda xalqaro ekspertlar tomonidan motivatsion nutqlar soʻzlandi va faoliyatni yanada yaxshilashga doir trening oʻtkazildi.
Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 50 foizidan koʻprogʻini ayollar tashkil qiladi. Aniq kuzatuvlarimiz xulosasiga koʻra, davlat va jamoat tashkilotlari tizimida mingdan ortiq xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda.
Maʼlumki, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, salomatligini mustahkamlash va eng muhimi, ular uchun munosib turmush sharoitini yaratish ijtimoiy sohaning muhim yoʻnalishlaridandir. Shu bois, Prezidentimiz tomonidan mazkur yoʻnalishni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Binobarin, ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha olib borilayotgan izchil saʼy-harakatlar opa-singillarimizning ijtimoiy faolligini oshirishga, turmush farovonligini yuksaltirishga imkon yaratmoqda.
Toʻgʻri, hamma rahbar ayolga bir xil tosh-tarozi qoʻyib boʻlmaydi. Lekin aksariyat kuzatish, oʻrganishlar ularda masʼuliyat kuchli ekanligini, ayol rahbarlar bor joyda tartib-intizom kuchli ekanligini kuzatamiz.
Hozir mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirish, farmon, qonun, qarorlarni oʻz vaqtida bajarish uchun oddiy ishchi, oddiy rahbar emas, qobiliyatli rahbar kerakligini hisobga olsak, jamiyatimizda ayniqsa bank tizimida yana va yana ayol rahbarlarga ehtiyoj katta ekani qayd etildi.
– Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 18 millionga yaqinini xotin-qizlar tashkil qilyapti. Ularning biznes sohasidagi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash hamda muammolarini bartaraf etish uchun Xalq banki tomonidan joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻqitish, biznesga oid namunaviy rejalarini ishlab chiqish va ularga kredit olishda amaliy yordam koʻrsatishning yangi tizimi joriy etildi, – deydi Xalq banki boshqaruv raisining Ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻrinbosari Gulzoda Rashidova. – Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, oʻtgan yilda Xalq banki tomonidan 97 mingdan ortiq ayollarga tadbirkorlik yoʻnalishida 1 trillion 200 million kredit mablagʻlari ajratilgan. Bugungi tadbirda kelgusida bankimizda rahbar ayollar sonini 30 foizga oshirish aytildi. Qolaversa, Xalq bankining tuman, shahar, filiallaridagi rahbar xotin-qizlarning bilim darajasi oshirildi.
Eslatib oʻtamiz, tijorat banklari orasida AT Xalq banki tizimida birinchi boʻlib Boshqaruv raisi oʻrinbosari va har bir hududiy tuman (shahar) filiallarida ayol oʻrinbosarlar lavozimlari joriy etilgan boʻlib, hozirda bankda ayol boshqaruvchilar, ayollar va oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻrinbosarlar soni qariyb 200 tani tashkil etadi.
<iframe width=““1920”” height=““1080”” src="https://www.youtube.com/embed/d8NyCdEkE5E“ title=”YouTube video player“ frameborder=”“0”“ allow=”accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture“ allowfullscreen=”"></iframe>Shahnoza Mamaturopova, OʻzA