Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq banki xodimi Samarqanddagi eng kitobxon bankir bo‘ldi
16:09 / 2021-12-28

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusdan kelib chiqib Markaziy bank Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan viloyatdagi bank tizimi xodimlari o‘rtasida “Eng kitobsevar xodim” an’anaviy ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlikda “Ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal” shiori ostida o‘tkazilayotgan mazkur tanlovning bu yilgi final bosqichi qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi.

– Tanlov nomidan ayonki, bu tadbirimiz bank tizimi xodimlari orasida kitobxonlikni keng ommalashtirish, xodimlarning bilimi va intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan, – deydi Markaziy bankning Samarqand viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Suvonqulov. 

– Shuning uchun bu tanlovga tizim xodimlari o‘rtasida qiziqish oshdi, barcha banklarda kutubxonalar tashkil etildi. Bu yilgi tanlovda avvalgi yillardagidan ko‘p ishtirokchi qatnashgani boisi ham shunda. Tanlovning dastlabki bosqichi har bir bankning o‘zida o‘tkazilib, 110 nafar xodim ichki saralashlardan o‘tdi. Ular ikkinchi bosqichda onlayn test sinovi topshirdi va eng yuqori ball jamg‘argan 11 nafar bankir final bosqichiga yo‘llanma oldi.

Yakuniy bosqichda ishtirokchilar o‘zbek va jahon adabiyoti, buyuk mutafakkir va adiblarimiz haqidagi bilimlarini, she’riyat bobidagi mahoratini namoyon etdi.

Samarqandning taniqli shoir va yozuvchilari, Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilaridan iborat hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, Xalq banki xodimi Elyor Ro‘ziyev eng faol kitobxon, deb topildi va tanlov g‘olibi bo‘ldi. Boshqa ishtirokchilar ham turli nominatsiyalar bo‘yicha e’tirof etilib, munosib rag‘batlantirildi.

 

G‘.HASANOV, O‘zA