Har yili 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan mamlakatimizda turli sohaga oid muhim tashabbuslar amalga oshiriladi. Joriy yilda ham Xalq banki ushbu sana munosabati bilan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirini tashkil etdi. Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakillari hamda boshqa idora mutaxassislari ishtirok etdi.
Mazkur uchrashuv nafaqat korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy choralarni muhokama qilish, balki bank tizimida ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish, fuqarolar uchun xizmatlar sifatini oshirish kabi dolzarb mavzularni yoritishga xizmat qildi. Dunyoning istalgan davlatida moliyaviy barqarorlikni ta’minlashning asosiy sharti korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishdir.
Xalq bankining “Ochiq eshiklar kuni” doirasida o‘tkazilgan tadbirida korrupsiya elementlarini keltirib chiqaruvchi omillar, ularni aniqlash mexanizmlari va oldini olish bo‘yicha qat’iy chora-tadbirlar muhokama qilindi. Bu kabi tadbirlar nafaqat xodimlar, balki mijozlar, jamoatchilik va davlat idoralari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirlar bugungi kunda O‘zbekiston moliya sektorida olib borilayotgan tub islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Korrupsiyaga qarshi kurashish har bir moliya tashkiloti oldidagi eng jiddiy strategik vazifa bo‘lib qolmoqda. Bu borada xizmatlarni to‘liq elektronlashtirish, shaffoflikni oshirish va inson omilini kamaytirish eng muhim kafolatlardan biridir.
Xalq banki tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslar nafaqat bank tizimining ishonchliligi, balki jamiyatning korrupsiyaga nisbatan murosasiz pozitsiyasini shakllantirishda ham katta ahamiyat kasb etadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/VWB1MbGIS4c?si=tVpm0t0-Ap9PBESg" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Dildora DO‘SMATOVA,
Nishonboy Abduvoitov (video)
O‘zA