French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq banki: istiqbolli loyihalar qo‘llab-quvvatlanmoqda
15:00 / 2024-06-15

Aksiyadorlik tijorat “Xalq banki” tomonidan keyingi yillarda aholini tadbirkorlikka jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish orqali ishsizlikni oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Namangan viloyatida ham Xalq bankining moliyaviy ko‘magida keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda. Ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar uchun tashkil etilgan press-turda bu boradagi ishlar bilan iyaqindan tanishildi.

Dastlab Yangi Namangan tumanidagi “Axsikent” mehmonxonasi majlislar zalida viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi bilan hamkorlikda “Jamoatchilik bilan aloqalarda samarali kommunikatsiya o‘rnatish” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.  Unda Xalq banki boshqaruvi raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Gulnoza Alimova ishtirok etdi. “Davlat tashkilotlarida kommunikatsiyaning o‘ziga xos xususiyatlari”, “Samarali kommunikatsiyaning o‘ziga xosligi nimada? Jamoatchilik bilan aloqalar Xalq banki tajribasi asosida”, “Inqirozli vaziyatlarda o‘zaro kommunikatsiya. Spindoktoring” mavzularida so‘z bordi.

Ta’kidlanganidek, 2025 yilga qadar transformatsiya jarayonlarini amalga oshirayotgan Xalq banki o‘z faoliyatini jamoatchilikka atroflicha tanishtirib borishdan manfaatdor. Mamlakat aholisining 5/1 qismiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan Xalq banki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan e’lon qilingan “Ochiqlik indeksi” reytingida tijorat banklari orasida birinchi o‘rinda e’tirof etilgani ham “PR” borasida salmoqli ishlar bajarilayotganidan dalolat beradi.

Ishtirokchilarga hozirda 1,8 million kishiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan “Xazna” mobil ilovasi taqdimoti o‘tkazildi. Shundan so‘ng, press-tur ishtirokchilari Namangan tumanining Katta Toshbuloq mahallasi hududida joylashgan “Nam Motor Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdilar. 2007 yilda o‘z faoliyatini oddiy suv nasoslarini ta’mirlashdan boshlagan mazkur korxona bugungi kunda sanoatda qo‘llaniladigan elektrodvigatellar va suv nasoslari ishlab chiqaruvchi respublikadagi yirik sub’ektga aylangan.

Korxona mahsulotlariga talab va ehtiyoj juda katta. “Navoiy kon metallurgiya kombinati”, “Olmaliq tog‘ kon metallurgiya kombinati”, “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zneftgaz” kompaniyasi, suv xo‘jaligi tarmoqlari jamiyatning mahalliy bozordagi asosiy buyurtmachilari sanaladi. Shuningdek, suv nasoslari Qirg‘iz Respublikasi, Afg‘oniston, Turmaniston, Ozarbayjon davlatlariga ham eksport qilinmoqda.

– Xalq banki bilan 15 yildan buyon hamkorlikda ishlab kelamiz, – deydi “Nam Motor Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Baxtiyor Bekmirzayev. – Faoliyatimiz ko‘lamini kengaytirish, xorijdan zamonaviy uskunalar xaridi uchun Xalq banki Namangan viloyati filialidan qariyb 1,2 million AQSH dollari miqdorida kredit oldik. Joriy yilning o‘tgan davrida 50 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqargan bo‘lsak, bu ko‘lamni yil yakuniga qadar 150 milliard so‘mga yetkazmoqchimiz. Tez orada bankning 1,5 million dollarlik moliyaviy ko‘magi asosida emallangan sim mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihani amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Kelgusidagi asosiy maqsadimiz iste’molchilarga sifatli mahsulotlar yetkazib berish, ishlab chiqarish hajmini yanada oshirib, mamlakat sanoati rivojiga hissa qo‘shishdir.

Namangan tumanidagi “Namangan Navro‘z gullari” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli issiqxonada turli xil gullar va manzarali daraxtlar yetishtiriladi. MCHJ rahbari Ibrohim Muhiddinov shu yo‘nalishdagi faoliyatini kengaytirish maqsadida Xalq banki moliyaviy ko‘magidan foydalanib, o‘z biznesini yuritayotgan tadbirkorlardan biridir. Ajratilgan 350 million so‘mlik kredit gul va manzarali daraxtlar ko‘chatlarining yangi navlarini yaratish va issiqxonalar ko‘lamini kengaytirishga yo‘naltirildi. Bu o‘z natijasini berib, yillik daromad 550 million so‘mga yetdi. Dastlab, bir sotixda ish boshlangan bo‘lsa, hozirga kelib chamanzorlar hududi bir gektarga yetdi. Muhimi, jamiyat gulzorlarida 50 ga yaqin kishining qozoni qaynayapti, cho‘ntagiga mo‘may pul tushyapti.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, bugungi kunda Xalq bankining Namangan viloyatidagi mijozlari 51 086 tani tashkil etib, ularning 16,3 foizi, ya’ni 8 ming 332 tasi kichik biznes sub’ektlariga to‘g‘ri keladi. Joriy yilning o‘tgan davrida tadbirkorlarga 100 milliard so‘mdan ortiq bank kreditlari ajratilib, bu viloyatda ishbilarmonlik muhitini yanada oshirish hamda tadbirkorlik loyihalarini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA