O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Xalq banki” ATB faoliyatiga bag‘ishlangan “ 2022 yil sarhisobi, transformatsiya strategiyasi doirasida 2023 yilga belgilangan vazifalar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Bank Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Z. Azimov Xalq banki tomonidan Osiyo taraqqiyot banki bilan birgalikda transformatsiya strategiyasini amalga oshirish yuzasidan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgani va tasdiqlanganini ta’kidladi. Mazkur yo‘nalishda muayyan ishlar boshlangan bo‘lib, sezilarli ijobiy natijalarga erishildi.
“Xalq banki” aholiga ipoteka va ta’lim kreditlari ajratilishi bo‘yicha respublika banklari orasida yetakchi bo‘ldi. Xususan, 2022 yilda ta’lim krediti ajratish bo‘yicha butun respublimizdagi jami ko‘rsatkichlarning 40 foizi aynan Xalq banki tomonidan amalga oshirildi.
Bundan tashqari, Sberbank kartalaridan Xalq banki kartalariga Rossiyaning barcha hududidan “SberBank Onlayn” mobil ilovasi orqali xalqaro pul o‘tkazmalarini amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Bank xizmatlari, davlat va ijtimoiy xizmatlarni masofadan ko‘rsatish maqsadida yangi “Xazna” mobil ilovasi va veb-versiyalari ishlab chiqildi. Natijada, mazkur ilova yordamida aholiga ko‘rsatilayotgan 40 dan ortiq davlat va ijtimoiy xizmatlaridan foydalanish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, xorijdan 1800 ta yangi bankomatlar olib kelinib, O‘zbekistonning barcha viloyatlarida o‘rnatildi. Jami bankomatlar soni 3111 taga yetkazildi. Bu yo‘nalishda ham Xalq banki mamlakatdagi yetakchilardan biri hisoblanadi.
Joriy yilning may oyida Xalq banki birinchilardan bo‘lib “HUMO” va “UzCard”bankomatlarini integrasiyalash ishlarini yakuniga yetkazdi. Avtomatlashtirilgan depozit mashinalarining umumiy soni 40 taga oshirilib, jami 52 taga yetkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 7 apreldagi “Davlat pensiyalari, nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni to‘lash tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, pensiya jamg‘armalarini bank kartalari orqali oluvchi pensionerlarga 1 foizli keshbek to‘lovi tasdiqlandi. Natijada bugungi kunda bank kartasi orqali pensiya mablag‘larini oluvchilar ulushi 32 foizdan 63 foizga ko‘paydi.
Bank tomonidan fuqarolarga farzandi tug‘ilganligi haqidagi guvohnomani rasmiylashtirish bilan avtomat tarzda bank kartasi orqali “Suyunchi puli”ni olish tizimi joriy etildi. Natijada, 2022- 2023-yillarda 252 ming nafar fuqarolarga salkam 119 milliard so‘mlik to‘lovlar avtomatlashgan holda bank kartasi orqali to‘lab berildi.
Xalq banki tomonidan Oilaviy tadbirkorlik dasturlari bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, dastur doirasida mijozlarga kredit ajratish yuzasidan joriy etilgan yagona elektron platforma (oilakredit.uz) orqali 4,8 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi.
[gallery-12029]
Xizmat ko‘rsatish jarayonlarini muvofiqlashtirish, naqd pul mablag‘larini samarali va markazlashgan holda boshqarish maqsadida Toshkent shahrida “Yagona kassa markazi” tashkil etildi. Bu bankomatlarni o‘z vaqtida naqd pul bilan ta’minlash hamda uzluksiz va barqaror ishlashini ta’minlash, kassa qoldiqlarini to‘g‘ri nazorat qilish, pensionerlarga pensiya va nafaqa mablag‘lari to‘lanishini markazlashgan holda nazorat qilish imkonini berdi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari bank mas’ullaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Alpomish Mashrabxonov,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA.