Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xaloskor murojaat
09:11 / 2020-04-12

Biz yengganmiz. Biz yengyapmiz. Biz albatta yengamiz!

Biz yengganmiz. Biz yengyapmiz. Biz albatta yengamiz! 

Prezidentimiz xalqimizga uchinchi bor murojaatida ham jasorat va matonat koʻrsatayotgan jonkuyar, olijanob shifokorlarimizga, davlat koʻrayotgan chora tadbirlarni faol qoʻllab-quvvatlayotgan aziz xalqimizga rahmat aytdi. 

Shu kunlarda xalqimiz maʼnaviyati, fazilatlari ham sinovdan oʻtayapti. Ommaviy axborot vositalari orqali har kuni 24 soat koronavirusga qarshi targʻibot urushi ketyapti. Koronavirusdan oʻzini, oilasini, vatandoshlarini qanday himoya qilish kerakligini bilmagan odam qolmadi. Lekin... 22 ming yurtdoshimiz karantin qoidalarini buzdi. 330 kishi karantin hududini tashlab ketgan. Hatto 24 ta toʻy ham qildik. Qanday koʻnglimizga sigʻdi? Nega hayo qilmadik odamlardan? 

Amir Temur, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek, Xorazmiy avlodlarimiz, deymiz. Nega unda tartib-intizom, bir musht boʻlib birlashishda yapon, nemis, xitoy xalqlari bizga ibrat boʻlayotir? 
Prezidentimiz sinov ayyomida har bir oʻzbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillarini bir musht boʻlib harakat qilishga, kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmasligimizni soʻradi. Bunga misol qilib, aholisi zich, qoʻshnilari bilan savdo aloqalari oʻta rivojlangan Yaponiya virusning keng tarqalishiga qanday qilib yoʻl qoʻymaganini tushuntirib berdi. 

“Yapon fenomeni”ning siri nimada? Koronavirusdan himoya choralarini ular ham, biz ham bildikku. Nega bila turib, buzyapmiz? Ana shunda bir olimning “Bilimdan foyda yoʻq. Foyda bilimga amal qilishda”, degan gapi yodga tushadi. Masalan, siz qoʻl, tirnoqlaringiz orasini tez-tez, sovunlab, kamida 20 daqiqa davomida, yaxshilab yuvish kerakligini bilasiz. Lekin yuvmaysiz. Natijada sizdagi bilimning foydasi nolga teng boʻladi. Amal qilsangiz, bilimdan kelgan foyda sizni himoya qiladi. 
Yapon himoyasi yaponcha salomlashish, shaxsiy masofani saqlash, tez-tez kiyim almashtirish, yuz-qoʻlni yuvish, toʻla yuvinish, toʻgʻri ovqatlanish, faol turmush tarzi va sport kabi 13 qoida va urf-odatlarni saqlab qolganida boʻlib chiqdi. “Bu esa bizda ham azal-azaldan mavjud – qoʻlini koʻksiga qoʻyib salomlashish, uyga mehmon kelganda qoʻlga suv quyish, jamoat joylarida masofani ushlash, meva-sabzavotlarni koʻp isteʼmol qilish kabi urflarimizni yana-da mustahkamlashni taqozo etadi”, dedi Prezidentimiz. 

Koronavirus bizga ota-bobolar udumlarini qadrlash, ularga amal qilish kerakligini ham eslatdi. Darhaqiqat, uyga mehmon kelsa, shaharu qishloqlarimizda yelkasiga sochiq tashlagan oʻsmirlarimiz iliq suvli oftobada qoʻlimizga suv quyishar edi. Ovqatlanib boʻlingach, yana bir bor, mehmonlar oʻtirgan holatida dastshoʻy va oftoba bilan qoʻl yuvilar edi. Bu madaniyat, ommaviy rusum edi. Ha demay koronavirus oʻtib ketadi. Milliy tarbiyamiz udumlarini tiklasak, boshqa xalqlar bizga havas qilajak. 
Koronavirus nafaqat tibbiy ofat. U iqtisodiy ofatni ham boshlab keladi. Bu borada ham Prezidentimiz kelib chiqishi mumkin boʻlgan iqtisodiy muammolarning erta oldini olishda jonkuyarlik koʻrsatmoqda. Tadbirkorlar, hunarmand va fermerlarimiz, korxonalarni qoʻllab-quvvatlash borasida oʻta muhim farmon, qarorlar qabul qilindi. Rahbarlarga korxonalar, tadbirkorlarning muammosiga alohida yondashib, ularni hal qilishda “bevosita boshqaruv” rejimiga oʻtishi kerakligini taʼkidladi. Har bir tadbirkor ahvolidan xabardor boʻlishga chaqirdi. 

Prezidentimiz maʼnaviyat, axloq, xulq masalasiga alohida toʻxtaldi. Bu bejiz emas. Chunki mana shunday sinov pallasida odamlar xulqi qanday boʻladi, qanday boʻlishi kerak, bizda qanday namoyon boʻlayapti, degan savollar ijtimoiy tarmoqlarda koʻp muhokama qilinyapti. Chunki odamlar foyda uchun insofdan kechganlarni noinsof, ochkoʻz, xoin, deb laʼnatlamoqda. Insof uchun foydadan kechgan mardu maydonlarimizni olqishlarga, duolarga koʻmishyapti. Bu laʼnat va olqishlarning sababi bir qaraganda ularning qilgan ishlarida koʻrinadi. Ishdan oldinda nima turadi? Niyat. Niyat nimadan? Maʼnaviyat, tarbiyadan. Demak, har bir ish, qilmish odam maʼnaviyati, tarbiyasining yuzaga chiqishi, koʻrinishidir. Yaʼni ularni insofsiz yo insofli qilgan, bundan 20-30 yil oldin olgan tarbiyasiga borib toʻxtaydi. 

Shu sababli Prezident murojaatida tilga olingan “intizom”, “sabr-toqat”, “masʼuliyat” kabi fazilatlar maʼnosini avvalo oʻzimiz tushunib, soʻng bolalarimizga yetkazaylik. Chunki: “Bu kurashda tibbiy choralar bilan birga yuksak tafakkur, qatʼiy intizom, sabr-toqat va ulkan masʼuliyat koʻrsatishimiz lozim. Bu sifatlar bizning eng asosiy va eng taʼsirchan qurolimizga aylanishi shart”. 

Eʼtibor bering, yuksak tafakkur, qatʼiy intizom, sabr toqat, ulkan masʼuliyat. Nima uchun? Chunki bugun bizga teplovizorlar, niqoblar, dori darmonlar kerak. Ayni vaqtda agar bizda yuqoridagi maʼnaviy-axloqiy fazilatlar yetishmasa, intizom, masʼuliyat, sabr-qanoat boʻlmasa, dori-darmon ham kor qilmaydi. Yaʼni xalqning bir qismi oʻz ertangi kuniga, kuch-qudratiga ishongan, vazmin, donishmand, mard, matonatli, mehr-oqibatli, aql-zakovatli, metin irodali va qatʼiyatli boʻlsa-yu, bir qismida bu fazilatlar yetishmasa, koronavirusni yengish qiyin boʻladi. 

Prezidentimiz har birimizga murojaat qilib, “Koʻpga kelgan va jahon ahli aziyat chekayotgan bu qiyin kunlar, albatta, oʻtadi. Bizning buyuk va tanti xalqimiz koʻp asrlik tarixida ne-ne balo-qazolarni, urushlar va ocharchiliklarni mardonavor yengib oʻtgan. Bu sinovdan ham munosib oʻtib olishimizga qatʼiy ishonaman. Hammamiz yana-da jipslashib, sabr-matonatli boʻlsak, shifokorlar tavsiyalariga toʻliq amal qilsak, albatta, bu kasallikni tezroq yengib oʻtamiz!” dedi. 

Xudoga shukrki, Oʻzbekistonda kasallikka chalinganlar soni dunyo davlatlari orasida juda kamni tashkil qiladi. Bemorlar sogʻayib, reabilitatsiyaga oʻtkazilmoqda. Bu oʻzbek tibbiyotining gʻalabasi, desak, kam boʻladi, bu qudrat va imkoniyatlarimizni xalq salomatligiga safarbar qilgan davlatimizning buyuk salohiyatidan xushxabar. Ha. Biz yengganmiz. Biz yengyapmiz. Biz albatta yengamiz! 

Muhammadjon Quronov, 
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi 
rahbarining birinchi oʻrinbosari. 
OʻzA