Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Xalach”da yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda
00:49 / 2024-05-11

O‘zbekiston Respublika Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-sentyabrdagi “2021-2023-yillarda Buxoro viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Vobkent tumanining “Xalach” mahalla fuqarolar yig‘inida “Kichik sanoat zonasi” davlat muassasasi tashkil qilingan.

Ayni paytda bu hududda o‘ndan ortiq tadbirkorlik subyekti o‘z tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish barobarida moddiy manfaatdor bo‘lish va shu orqali hudud iqtisodiyotini mustahkamlashga qaror qilgan. Kichik sanoat zonasida tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 77,4 milliard so‘m bo‘lgan istiqbolli loyihalarning amalga oshirilishi natijasida 191 ta yangi ish o‘rnini yaratish chora-tadbiri ko‘rilmoqda.  

Bugunga kelib hududda 4 ta tashabbuskor subyekt tomonidan umumiy qiymati 15,5 milliard so‘mga teng investitsiya loyihalari amalga oshirilishi tufayli 51 ta ish o‘rni  yaratilgan. Ishlab chiqarish quvvatlari oshirilmoqda.  

Jumladan, “ZARIPOV NUR BIZNESS” oilaviy korxonasi tomonidan “Sanitar-gigiyenik yuvish vositalarini ishlab chiqarish” loyihasi amalga oshirilgani tufayli  3 milliard so‘mlik investitsiya mablag‘i o‘zlashtirilgan. Buning natijasida 10 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Ayni kunda bozor talabi va xaridor taklifi o‘rganilmoqda. Korxona ishlab chiqarishi uchun zarur uskunalarni Xitoy davlatidan olib kelgan bo‘lib, ayni kunda yiliga 2,5 milliard so‘mga teng bo‘lgan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Hozir bor kuch va imkoniyat korxonada kir yuvish kukunlari, gel, suyuq sovunlar, salfetka va boshqa turdagi 20 xilga yaqin sanitar-gigiyenik vositalar ishlab chiqarishga qaratilmoqda.  

Xuddi shunday, “Xalach” kichik sanoat zonasida “NIAGARA NEW PRODUCT” MCHJ tomonidan 20 sotix ishlab chiqarish maydoni tadbirkor tasarrufiga olingan. Bu yerda barpo qilingan sexda aholi iste’molchilari talabi asosida akrill vanna ishlab chiqarishi loyihasini amalga oshirishga kirishilgan. Bu loyiha tufayli ayni paytda qiymati 2 milliard so‘m investitsiya o‘zlashtirilishi natijasida 5 ta yangi ish o‘rni yaratilib, mahsuldorlikni oshirishga e’tibor qaratilmoqda.  

Zarur texnologiya xaridi va jihozlashdan so‘ng to‘la quvvatda ishga tushiriladigan “NIAGARA NEW PRODUCT” MCHJda umumiy qiymati 3 milliard so‘mlikka teng sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi belgilangan. Korxona hozir 3 turdagi vanna mahsulotlarini ishlab chiqarib, xaridorlari safini kengaytirib, mahalliy bozorda o‘z o‘rnini topishga urinmoqda.  

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri