Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Xabeas korpus” va “Miranda qoidasi” – inson huquqi ta’minlanishining Konstitutsiyadagi yaqqol aksi “Xabeas korpus” va “Miranda qoidasi” haqida nimalar bilamiz?
21:58 / 2023-04-03

Konstitutsiya – xalq pasporti

Qonunni buzgan fuqarolar huquqini himoya qilishning deyarli barcha zamonaviy usullarini o‘zida mujassam etgan barcha turdagi mexanizmlar mustahkamlanmoqda.

Masalan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilayotgan “Xabeas korpus” va “Miranda qoidasi” tamoyillari inson huquq va erkinliklarini ta’minlash kafolati, jumladan, umume’tirof etilgan institutlar konstitutsiyaviy darajada kuchaytirilayotganidan dalolat.

Umuman, yuqorida nomi keltirilgan institutlarning qonunda o‘z ifodasini topishi, ularning mazmuniy jihatlari, aynan, Bosh Qomusimizning 27,28,29 va 31-moddalarida inson qadr-qimmati va sha’ni, gumonlanuvchi fuqaroni ushlash chog‘ida birlamchi huquqlarini tushuntirish, sudlov jarayoniga qadar huquqiy majburiyatlarga qaratilgan normalar aniq keltirilgan, deyish mumkin.

Keling, mazkur moddalarning kelib chiqishi, unda aks etayotgan yo‘nalishga alohida to‘xtalsak...

Xabaringiz bo‘lsa, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis Senati, Qonunchilik Palatasi yig‘ilishlarida Konstutitsiyamizga kiritilishi lozim bo‘lgan – inson qadri, huquq va erkinliklarini kafolatlash bilan bog‘liq qator tashabbuslar ilgari surilgan edi.

O‘shanda Konstitutsiyamizda, albatta, “Xabeas korpus”, “Miranda qoidasi” va “aybsizlik prezumpsiyasi” degan qoidalar kiritilishi to‘g‘risida aniq takliflar berilgan. Shu bois, yangi tahrirdagi Konustitutsiyaning 27-moddasida har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega, hech kim qonunda asoslanmagan holda, xibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqda saqlanishi yoki qamoqqa olinishi va uni ozodligini boshqa tarzda cheklashga yo‘l qo‘yilmasligi bevosita ko‘rsatib o‘tilgan.

Bu nima degani?

Fuqarolarimiz biron bir surishtiruv, tergov organlariga olib kelinganda, uning huquqi, shuningdek, ushlab turilishi asoslari, nega davlat organiga keltirilgani haqidagi huquqlari tushuntirilishi shart. Bu esa “Xabeas korpus” instituti tushunchasini aks ettiradi. 

“Xabeas korpus” (lot. habeas corpus) – “tanani sudga keltirish”, ya’ni jinoiy ta’qibga uchragan fuqaroning adolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquqining tarixan eng qadimiy e’tiroflaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatimizda “Xabeas korpus” instituti 2008 yildan tatbiq etilgan bo‘lib, uning qo‘llash doirasi yillar davomida izchil kengayib bormoqda, tergov jarayoni ustidan sud nazorati qat’iy ravishda kuchaytirilmoqda.

Angliyada paydo bo‘lgan ushbu institut aybdor shaxs ushlanganidan to sudga qadar unga nisbatan ko‘rilayotgan huquqiy chora jarayonini o‘rganadigan muassasa hisoblanadi. Angliya parlamenti mazkur holat bo‘yicha dunyoda birinchi marta fuqarolarni besabab ushlab turmaslik bo‘yicha qaror qabul qilgan. O‘sha davrdan buyon xalqaro huquq qoidalarida fuqaroni sud jarayoniga qadar bo‘lgan ushlab turilishi holatlari, aynan, “Xabeas korpus” instituti, deb yuritiladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 27-moddasida ushbu holatlarga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Shuningdek, mazkur atama boshqa ayrim yondosh moddalarda ham o‘z ifodasini topgan.

“Miranda qoidasi” ham huddi shunday. Qayd etish kerak, Konstitutsiyaga kiritilayotgan “Miranda qoidasi” – fuqaroni birinchi marta davlat organlari tomonidan biron bir ishga gumon qilinuvchi sifatida jalb qilayotganda, unga birlamchi huquqlari tushuntirib berilishi demakdir.

Xususan, ushlash chog‘ida shaxs o‘z huquqlari to‘g‘risida xabardor qilinishi lozimligi, uni ushlab turgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi shaxs huquqlari tushunarli bo‘lganmi, degan savolga ijobiy javob olishi lozimligi nazarda tutiladi.

U qanday huquqlar?

Fan tili bilan aytadigan bo‘lsak, “siz sukut saqlashingiz mumkin”, “ushbu ishda bizga aytayotgan har bir so‘zingiz sudda o‘zingizga qarshi dalil sifatida ishlatilishi mumkin”, “siz advokat xizmatidan foydalanish huquqiga egasiz, agar foydalanish imkoniyatingiz bo‘lmasa, davlat tomonidan sizga advokat beriladi”.

Darhaqiqat, tahlillar huquq-tartibot organlari tomonidan shaxs qo‘lga olingan zahotiyoq, u qanday huquqlarga ega ekani tushuntirilmayotganini ko‘rsatmoqda. Natijada, gumon qilinuvchining huquqlari dastlabki vaqtdayoq xavf ostida qolyapti. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida ko‘plab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan “Miranda qoidasi”ni qo‘llash lozim.

“Miranda” deyilishiga sabab nima?

1966 yil AQSHda Miranda ismli shaxs qo‘lga olinadi, gumonlanuvchi sifatida uning birlamchi huquqlari tushuntirib berilmaydi. O‘shanda Amerikadagi shtat sudyasi Mirandaga nisbatan, aynan, yuqorida keltirilgan so‘zlar aytilmagani uchun uni sud zalidan ozod qiladi. Shu bois, “Miranda qoidasi” xalqaro jinoyat protsessual huquqida me’yor sifatida muhrlanadi.

Bundan kelib chiqadiki, yangi tahrirdagi asosiy hujjatimizda “Miranda qoidasi” muhrlanishining fuqarolarimizga har qanday jarayonda, masalan, jamoat joylarda, ko‘chada harakatlanadimi, turistik sayohatga chiqadimi, umuman, O‘zbekistonda yashashi uchun har qanday sharoit ta’minlab berilishiga xizmat qiladi.

Mazkur qoida mazmunini Konstitutsiyamizning 27-moddasiga kiritilgan – “shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart”, degan jumlalarda ko‘rish mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, “Miranda qoidasi”ning konstitutsiyaviy mustahkamlanishi jinoyat ishi xolis tergov qilinishi va tergov organlari tomonidan har qanday g‘ayriqonuniy harakatlar hamda taqiqlangan usullar qo‘llanilishining oldini oladi.

Barqaror rivojlanish markazi

nodavlat notijorat tashkiloti.

O‘zA