Qator jinoiy tashkilotlar va xususiy shaxslar firibgarlik doirasida o‘nlab mamlakatlarga koronavirusga qarshi vaksina taklif qilgan. Ular millionlab dollarga shartnomalar imzolamoqchi bo‘lishgan, deb xabar bermoqda Wall Street Journal nashri ishonchli manbalarga tayanib.
Maqolada yozilishicha, jinoyatchilar Niderlandiya, Latviya, Fransiya, Isroil, Chexiya, Avstriya va boshqa ko‘plab mamlakatlar hukumatlariga Pfizer/BioNTech, Johnson & Johnson, hamda AstraZeneca vaksinalarini taklif etgan. Hatto ish shu darajagacha borib yetganki, shartnomaning bandlarigacha muhokama qilingan va faqat uni imzolash qolgan.
Gazeta xabarida keltirilishicha, AQSH ichki xavfsizlik vazirligi (DHS) tergovchilari mamlakatlar hukumatlari orasida vaksina sotib olishga ko‘nadiganini qidirayotgan 75 taga yaqin firibgar kompaniya va brokerlarni aniqlagan.
Qator mamlakatlar cheklangan miqdorda vaksina sotib olishga ehtiyoj sezmoqda. Xalqaro huquq-tartibot organlari xodimlarining fikricha, bu qalbaki shartnomalar imzolanishiga olib kelishi mumkin. Interpol matbuot xizmatining bayonot berishicha, yaqin kunlarda barcha mamlakatlarni shunday firibgarliklardan ogohlantirishni rejalashtirmoqda.