Avval xabar berganimizdek, poytaxtimizga Butunjahon para yengil atletika federatsiyasi prezidenti Pol Fitsdjerald hamda tashkilot bosh menejeri Martin Chorli amaliy tashrif bilan kelgan edi.
Ular tashrif davomida Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga tashrif buyurib, muassasadagi sport inshootlari va sportchilarga xususan, para atletlar uchun yaratilgan sharoit bilan yaqindan tanishdi. Bundan tashqari, Butunjahon para atletika federatsiyasi mutasaddilari Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida ham bo‘ldi.
Martabali mehmonlar Milliy paralimpiya qo‘mitasida ham bo‘lib, u yerda har ikkala tomon o‘rtasida istiqbolli rejalar muhokama qilindi.

Pol Fitsdjerald va Martin Chorli Milliy paralimpiya qo‘mitasi rahbariyati hamrohligida Toshkent viloyatida joylashgan "Yangiobod" o‘quv-mashg‘ulotlar bazasiga yo‘l oldi. U yerda para yengil atletikachilarning musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishi uchun yaratilgan sharoitlar, sport inshootlari, yashash joylarining holatlari ko‘zdan kechirildi. Safar davomida hozirda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib borayotgan para yengil atletika bo‘yicha terma jamoa a’zolari bilan suhbatlashdi.

Shu tariqa, martabali mehmonlarning mamlakatimizga tashrifi o‘z yakuniga yetdi.

Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA