Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“World combat games”da yurtimiz dzyudochilari Braziliya terma jamoasini mag‘lub etdi
09:47 / 2023-10-24

Xabar berganimizdek, Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tkazilayotgan III Butunjahon jang san’ati o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari munosib natijalarga erishmoqda.

Kecha poyoniga yetgan dzyudo bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasi sportchilari yuksak natijaga erishdi.  

Dzyudochilarimiz nimchorak finalda Senegal jamoasini 4:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, chorak finalda niderlandiyaliklarni 4:1 ko‘rinishida taslim etdi. Yarim finalda Jazoir terma jamoasidan 4:2 hisobida ustunlikka erishgan hamyurtlarimiz finalda Braziliya jamoasi bilan ro‘baro‘ keldi.  

Shiddatli o‘tgan bellashuvda terma jamoamiz vakillari jamoaviy bahsda dunyoning eng kuchli dzyudo terma jamoalaridan biri sanalgan Braziliya termasi ustidan 4:2 hisobida g‘alabaga erishdi va III Butunjahon jang san’ati o‘yinlarining oltin medaliga sazovor bo‘ldi.    

Bugungacha o‘tkazilgan musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, umumjamoa hisobida Ukraina jamoasi 10 ta oltin, 7 ta kumush, 3 ta bronza  medaliga ega chiqqan holda yetakchilik qilmoqda. Ulardan keyingi o‘rinda borayotgan mustaqil sportchilar jamoasi 7 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medaliga ega bo‘lsa, 3-o‘rindan joy olgan Xitoy vakillarida 7 oltin va 1 ta bronza medali mavjud.    

120 ta davlat sport delegatsiyalari qatnashayotgan o‘yinlarda  4 oltin, 5 ta kumush va 1 ta bronza medaliga egalik qilib turgan O‘zbekiston 4-pog‘onada, 3 ta oltin, 7 ta kumush, 6 ta bronza medali jamg‘argan Saudiya Arabistoni 5-o‘rinda qayd etilgan.  

Bugun, 24 oktyabr “World combat games” o‘yinlari dasturiga ko‘ra, aykido va sport kurashi vakillari medallar uchun kurashga kirishadi.  

Eslatib o‘tamiz, 30 oktyabrga qadar davom etadigan mazkur kompleks musobaqalarda mamlakatimizning 44 nafar sportchisi 8 ta sport turida ishtirok etmoqda.  

Hozirgacha sambo, ushu, dzyudo, boks, karate, sumo yo‘nalishlaridagi bellashuvlar yakunlandi. Hamyurtlarimiz yakunlangan sport turlaridan sambo, ushu va dzyudo bahslarida qatnashdi.  

T.Ro‘ziyev, O‘zA