Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
World Boxing kubogida zafar quchgan bokschilarimiz tantanali kutib olindi
18:54 / 2025-11-21

Bugun, 21 noyabr kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Hindistonning Nyu-Dehli shahrida o‘tkazilgan World Boxing kubogida 4 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, mamlakatimiz sharafini ulug‘lagan bokschilarimiz tantanali kutib olindi.

Kutib olish marosimida ishtirok etgan mutasaddi rahbarlar, murabbiylar, sportchilarning ota-onalari terma jamoamiz a’zolari qo‘lga kiritgan ushbu g‘alabalar kelgusi yutuqlarga poydevor ekanligini ta’kidladi.

World Boxing tashkilotiga a’zo davlatlarning mahoratli bokschilari o‘rtasida 20 ta vaznda kechgan shiddatli janglar sarhisobiga ko‘ra, umumjamoada hindistonliklar o‘z uyidagi musobaqada 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, mamlakatimiz vakillari 2-o‘rindan joy oldi.

– Xalqaro musobaqalarda erishiladigan har qanday muvaffaqiyat terma jamoamiz a’zolari uchun juda qadrli. Boisi, sportchilarimizning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortadi, tajriba to‘planadi. Raqiblarning imkoniyatlari o‘rganiladi. Hindistondagi World Boxing kubogi ayni jihatlari bilan biz uchun ahamiyatli bo‘ldi, – deydi terma jamoa bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev.

Aytish lozim, 2028 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlariga muhim reyting ochkolarni taqdim etadigan World Boxing tashkiloti kubogi bahslari 4 ta bosqichdan iborat bo‘lib, uning so‘nggi musobaqalari Hindistonda poyoniga yetdi.

Ma’lumki, joriy yil 31 mart-5 aprel kunlari Braziliyada o‘tgan ilk bosqichda hamyurtlarimiz 5 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medaliga egalik qilib, umumjamoada yetakchilikka erishgandi. Undan keyin 10-17 may kunlari Polshaning Varshava shahrida o‘tgan 2-bosqichda 6 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza bilan yetakchilikni saqlab qolgandi. Qozog‘istonning Ostona shahrida 28 iyun-7 iyul kunlari tashkil etilgan 3-bosqichda Elshod Rasulov murabbiyligidagi qizlarimiz 1 ta oltin va 4 bronza medaliga ega chiqqandi.

E’tiborli jihati, terma jamoamiz a’zolari to‘rtta bosqichdan iborat World Boxing kubogi bahslarida muhim reyting ochkolarini jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.

Kutib olish marosimida o‘zbek boksining kuch-qudratini, dovrug‘ini doston etgan bokschi yoshlarimizga esdalik sovg‘alari va gullar taqdim etildi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA