Angliyaning Liverpul shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida “World Boxing” tashkiloti tomonidan ilk marotaba tashkil etilgan jahon chempionati o‘z yakuniga yetdi. “Bank Arena” majmuasida o‘tgan musobaqada sayyoramizning 60 davlatidan kelgan jami 500 nafardan ziyod bokschi medallar uchun ringga ko‘tariladi.
Quvonarlisi, ushbu musobaqada O‘zbekiston terma jamoasining Abdumalik Xalokov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Fazliddin Erkinboyev, Javohir Ummataliyev, Akmaljon Isroilov va To‘rabek Xabibullayev o‘z vazn toifalarida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Navbahor Hamidova hamda Jahongir Zokirov finalga qadar o‘tgan bellashuvlarda zafar quchib, delegatsiyamiz hisobiga kumush medalni taqdim qilgan bo‘lsa, Sabina Boboqulova, Feruza Kazakova hamda Aziza Zokirova bronza medali bilan taqdirlandi.


Jahon chempionatining erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarida 6 ta oltin va bitta kumushga ega chiqqan O‘zbekiston terma jamoasi medal jamg‘arishda birinchi bo‘ldi. Umumjamoa hisobida esa O‘zbekiston erkaklar va ayollar terma jamoasi jami 6 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medaliga sazovor bo‘lib, ikkinchi o‘rindan joy oldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA