Hindistonning Nyu-Dehli shahrida “World Boxing” tashkiloti kubogining yarim final bahslarida O‘zbekiston terma jamoasining 6 nafar vakili ringga ko‘tarildi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, final ostonasidagi janglarning birida bokschimiz Halimjon Mamasoliyev +90 kg. vazn tofasida Janubiy Koreya vakili Ju Tayeungga hech qanday imkon qoldirmadi va finalga yo‘l oldi. Nusratbek Tohirov esa -90 kg. vaznda polshalik Jakub Tutak Adamni 4:1 hisobida mag‘lub etdi hamda musobaqaning olin medali uchun ringga ko‘tariladigan bo‘ldi.
Qizlar orasidagi bellashuvlarda +80 kg. vaznda Oltinoy Sotimboyeva qozog‘istonlik Assel Toktassinni, Aziza Zokirova -70 kg. vaznda ukrainalik Anastasia Chernokolenkodanni, -48 kg. vazn toifasida Farzona Fozilova ukrainalik Anna Okotani mag‘lubiyatga uchratgan holda final bosqichiga chiqdi.
Afsuski, vazni 65 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari orasida Adhamjon Muhiddinov yarim finalda mag‘lubiyatga uchradi hamda musobaqani uchinchi o‘rinda yakunladi.
Bugun, 19 noyabr kuni musobaqaning yarim finalida quyidagi 7 nafar bokschimiz final yo‘llanmasi uchun jang qiladi.
-51 kg: Gulsevar G‘aniyev – Zareyen Nihat
-50 kg: Asilbek Jalilov – Soushi Makino (Yaponiya)
-55 kg: Samandar Olimov – Rui Yamagusi (Yaponiya)
-60 kg: Dilshod Abdumurodov – Sachin (Hindiston)
-70 kg: Muhammadazizbek Ismoilov – Hitesh (Hindiston)
-75 kg: Javohir Abdurahimov – Pavlo Illiusha (Ukraina)
- 85 kg: Jasurbek Yo‘ldoshev – Jugnu (Hindiston).
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA